O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida pasayish tendensiyasi kuzatildi, deya xabar qilmoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.
Markazning tahliliga ko‘ra, sentabr oyida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni avgust oyiga nisbatan 4,2 foizga kamayib, 21,2 mingtani tashkil etgan. Yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli pasayib, 2023-yilning sentabr oyiga solishtirganda uy-joy savdosi bilan bog‘liq shartnomalar soni 9 foizga kamaygan.
2024-yilning uchinchi choragida yil davomida uy-joy savdosi 13 foizga kamayib, 66,5 mingtani tashkil etdi.
Hududiy dinamika
Sentabr oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlari sonida eng katta pasayish Jizzax, Toshkent va Samarqand viloyatlarida mos ravishda 20 foiz, 14 foiz va 13 foizga qayd etildi.
Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik Toshkent (25,7 foiz), Buxoro (24,3 foiz) va Namangan viloyatlarida (18,7 foiz) nisbatan sezilarli darajada pasaygan.
Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari
2024-yilning sentabr oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi bozor uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1 foizga o‘sish).
Yil davomida ikkilamchi bozorda 1 kv metr uchun o‘rtacha uy-joy narxi 6,7 foizga oshdi.
Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Xorazm (19,5 foiz), Buxoro (12,5 foiz) va Samarqand (10 foiz) viloyatlarida ko‘tarilgan.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar 1 foizga pasaydi.
Eng katta pasayish Mirzo-Ulug‘bek — 2,5 foiz va Yunusobod — 2,4 foiz tumanlarida kuzatildi. Poytaxtning yana ikkita tumanida narxlar oshdi — Yakkasaroyda — 1,1 foiz va Shayxontohurda — 0,3 foiz.
Yillik hisobda Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxining o‘rtacha o‘sishi 1,8%ni tashkil etdi.
Uy-joy ijara bozori
Sentabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining barqarorlashuvi davom etdi. Ijara o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan — 1 kv metr uchun 8,3 dollar. 2024-yilning avgust-sentabr oylarida ijara narxlarida o‘rtacha o‘sish qayd etilishi bozordagi vaziyatning barqarorlashuvidan dalolat beradi.
Poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan uchtasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Ijara narxi Olmazorda — 14,6 foiz, Uchtepada — 7,4 foiz, Bektemir tumanida — 3,8 foizga pasaygan. Shuningdek, narxlarning eng katta o‘sishi Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 7 foizga oshdi.
Toshkent shahri tumanlari kesimida ijara narxidagi farqlar keskin o‘zgarmagan. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqori bo‘lib, ijara narxi 10 dollar atrofida.
Bektemir va Sergeli tumanlarida ijara narxlari nisbatan arzon shakllanib, kv.m. uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etdi.
O‘tgan yilning sentabr oyida Toshkent shahrida ijara narxlari bugungi kunga nisbatan, o‘rtacha 8,4 foizga yuqori. Bu esa bozorning ushbu segmentida umumiy pasayish tendensiyasi saqlanib qolinayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yashnabod (16,2 foiz), Olmazor (12,2 foiz) va Yakkasaroy (11 foiz) tumanlarida kuzatildi.