O‘zbekistonda ipoteka krediti bozori qisqarishda davom etmoqda, deya xabar berdi Markaziy bank.
2024-yilning yanvar-sentabr oylarida jami 11,73 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi, bu 2023-yilning mos davriga nisbatan 490,3 mlrd so‘mga yoki 4,1 foizga kam.
Yangi qurilgan uy-joylarni sotib olish uchun ipoteka hajmi 7,08 trln so‘mdan 7,16 trln so‘mga (+1,1 foiz) biroz oshdi, ikkilamchi uy-joylar uchun esa 5,14 trln so‘mdan 4,57 trln so‘mga (-11 foiz) kamaydi.
Ko‘rsatkichning pasayishi barcha manbalar: Iqtisodiyot va moliya vazirligi (-189,8 mlrd so‘m), banklarning o‘z mablag‘lari (-222 mlrd so‘m) va Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (-78,5 mlrd so‘m) hisobidan moliyalashtirishni qisqartirish hisobiga yuz berdi.
Ayniqsa, ushbu xizmatning asosiy bozorlari hisoblangan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ipoteka krediti hajmining qisqarishi sezilarli darajada kuzatilmoqda. Poytaxtda berilgan ipoteka kreditlari hajmi 3,76 trln so‘mdan 3,5 trln so‘mgacha (-6 foiz), Toshkent viloyatida esa 960,5 mlrd so‘mdan 648,7 mlrd so‘mgacha (-32,5 foiz) qisqardi.
Endilikda Toshkentdan keyin ikkinchi yirik ipoteka bozori Samarqand viloyatiga aylandi, u yerda aholi 1,02 trln (+19,8 foiz) ipoteka kreditlarini oldi. Keyingi o‘rinlarda 1,01 trln so‘m (+6,3 foiz) bilan Farg‘ona viloyati, 834,7 mlrd so‘m (+17,1 foiz) bilan Andijon viloyati va 748,8 mlrd so‘m (-18,3 foiz) bilan Navoiy viloyati turadi.
Ipoteka krediti oluvchilar soni ham 10 653 kishiga (53 443 nafardan 42 790 nafarga (deyarli 20 foizga)) kamaydi. Shu bilan birga, o‘rtacha kredit miqdori 228,6 mln so‘mdan 274 mln so‘mga yoki 19,9 foizga oshdi.
Davlat dasturi doirasida ipoteka foiz stavkasi o‘zgarmadi — 17,5 foiz, ammo banklar o‘z kreditlari uchun stavkalarni 23,8 foizdan 25 foizga oshirdi.
E’tiborlisi, 18−30 yoshlilar orasida ipoteka krediti oluvchilar soni 10 333 tadan 11 601 tagacha ko‘paydi, ularning ulushi esa 19 foizdan 27 foizga oshdi. Buning fonida o‘rta yoshlilar (31−50 yosh) ulushi 69 foizdan 65 foizgacha, shuningdek, katta yoshdagilar (50 yoshdan oshgan) ulushi 12 foizdan 8 foizgacha kamaydi.
Ilgari xabar qilganimizdek, birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra ipoteka bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar 16 foizga oshib, 2,99 million so‘mni tashkil etdi. Bunday kreditlarning o‘rtacha summasi ko‘paygan bo‘lsa-da, ularni berish muddati qisqartirildi. Ipoteka kreditlarining 22 foizini norasmiy daromadga ega shaxslar olgan.