Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 2024-yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Agentlik 2024-yilda Janubiy Koreyada 13 700 ish o‘rniga kvota olganini ma’lum qildi. Oylik ish haqi o‘rtacha 2000 dollarni tashkil qilmoqda. Ushbu bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha xorijiy tillarni biladigan hamda malakaga ega nomzodlar o‘zlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki mahalladagi hokim yordamchilari orqali murojaat qilishi mumkin.

Hisobot davrida Yaponiya, Litva, Slovakiya, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Xorvatiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Shvetsiya va Belgiya kabi dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlatlari ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha 93 ta shartnoma imzolanishiga erishildi. Shunday qilib, jami kelishuvlar soni 354 taga yetdi.

Shuningdek, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya va Yevropaning boshqa davlatlariga 26 mingdan ortiq fuqaroni yuk avtomobili haydovchisi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga ishga yuborish bo‘yicha loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularga o‘rtacha 1400 AQSh dollari ish haqi taklif qilinmoqda.