Toshkent shahrida ikki fuqaro qalbaki dori vositalari sotishga urindi, deb xabar qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Departament tomonidan DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida A.A. va D.A. ushlangan. Ular fuqaro M.X.ga soxta sertifikatga ega bo‘lgan, 43,7 ming dollarlik jami 4000 quti “Xitofer-S” (temir moddasi) dori vositasini sotgan, deyiladi xabarda.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan dori vositalari qalbakilashtirilgani qayd etildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.