Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi iqtisodiyot bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofotiga Massachusets texnologiyalar instituti professorlari Daron Ajemo‘g‘li va Saymon Jonson hamda Chikago universiteti professori Jeyms Robinsonni loyiq topdi.

Asosiy nominatsiyalardan farqli ravishda ushbu mukofotni Alfred Nobel xotirasiga atab Shvetsiya milliy banki ta’sis etgan. Mukofot iqtisodiyot sohasidagi yutuqlar uchun beriladi.

Mukofot olimlarga institutlar qanday shakllanishi va ularning farovonlikka ta’sirini o‘rganish yo‘nalishidagi ishlari uchun berildi.

Endilikda Nobel-2024 haftasini yopiq deb e’lon qilish mumkin. Laureatlarni taqdirlash marosimi 10-dekabr kuni — Alfred Nobelning vafot etgan sanasida o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilgi iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti ayollarning mehnat bozoridagi o‘rni va samaralari borasida tadqiqot o‘tkazgan Garvard universiteti iqtisodchisi Klaudiya Goldinga berilgandi.

2023-yil 17-mart kuni Toshkentdagi britaniyalik olim, Chikago universiteti professori Jeyms Robinson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Tadbirda u va Daron Ajemo‘g‘li hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (Why Nations Fail) kitobining o‘zbekcha tarjimasi taqdimoti o‘tkazilgan.

“Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobi Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson tomonidan yozilgan bo‘lib, nega ayrim mamlakatlar farovonroq degan savolga javob izlaydi. Kitobdan ba’zi parchalarni “Gazeta.uz”ning mana bu materialida o‘qish mumkin.