O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-oktabr kuni Kosmik fazoni, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyati prinsiplari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Hujjat 1966-yil 19-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan va 1967-yil 27-yanvarda London, Moskva va Vashingtonda imzolangan. Hozirga qadar unga 114 ta davlat qo‘shilgan bo‘lsa, O‘zbekiston 115-ishtirokchiga aylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunni 2-iyul kuni qabul qilgan, Senat esa 15-avgust kuni ma’qullagan. Parlament quyi palatasida qonun muhokamasida “O‘zbekkosmos” agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov bitimni ratifikatsiya qilish O‘zbekistonning xalqaro kosmik loyihalar va tadqiqotlarda ishtirok etishi, shuningdek, boshqa mamlakatlar bilan resurslar va bilim almashish uchun imkoniyatlar ochishini ta’kidladi. Ratifikatsiya, shuningdek, O‘zbekistonning kosmik huquq tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Kosmik faoliyat jahon hamjamiyatining globallashuvi va axborotlashtirish jarayonida muhim o‘rin tutadi. Dunyoning barcha yetakchi va ko‘plab rivojlanayotgan davlatlari kosmik fazoni o‘rganish va undan foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda, kosmik salohiyatdan esa iqtisodiy, mudofaa, texnikaviy, ilmiy, ijtimoiy, madaniy va xalqaro manfaatlarni ro‘yobga chiqarish uchun foydalanilmoqda,” — deyiladi Senat muhokamasida.
Kosmos shartnomasi
Kosmos to‘g‘risidagi shartnomada aytilishicha, kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, iqtisodiy yoki ilmiy rivojlanish darajasidan qat’i nazar, barcha mamlakatlar farovonligi va manfaatlari yo‘lida amalga oshiriladi hamda butun insoniyatning mulki hisoblanadi. Kosmos va samoviy jismlar ularga nisbatan suverenitet e’lon qilish yo‘li bilan ham, foydalanish yoki bosib olish yo‘li bilan ham, boshqa har qanday vositalar bilan ham milliy o‘zlashtirilishi mumkin emas.
Shartnomaga a’zo davlatlar xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda xalqaro hamkorlik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirish manfaatlari yo‘lida xalqaro huquqqa, shu jumladan, BMT Ustaviga muvofiq kosmik fazoni tadqiq etish va undan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oladilar.
Ishtirokchi davlatlar Yer atrofida yadro quroli yoki ommaviy qirg‘in qurollarining boshqa har qanday turlariga ega bo‘lgan har qanday obyektlarni orbitaga chiqarmaslik, bunday qurolni samoviy jismlarga o‘rnatmaslik va bunday qurolni kosmosda boshqa tarzda joylashtirmaslik majburiyatini oladilar.
Shartnomaga a’zo davlatlar kosmonavtlarga insoniyatning kosmosdagi vakillari sifatida qaraydilar va shartnomaga a’zo boshqa davlat hududida yoki ochiq dengizda avariya, ofat yoki majburiy qo‘nish sodir bo‘lgan taqdirda ularga har tomonlama yordam ko‘rsatadilar. Shartnomaga a’zo davlatlardan birining kosmonavtlari kosmosda faoliyatni amalga oshirishda boshqa a’zo davlatlarning kosmonavtlariga mumkin qadar yordam ko‘rsatadi.