Buxoro viloyati Kogon shahrida erkak tanishini pichoqlab o‘ldirdi, yana biriga jarohat yetkazdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat 13-oktabr kuni soat 13:10 atrofida sodir bo‘lgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda ayol kishi yerda yotgani, erkak 2 nafar yigit bilan tortishayotgani va ulardan birini quvlab, bir necha marotaba pichoq urganini ko‘rish mumkin.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 53 yoshli A.G. avvaldan mavjud bo‘lgan kelishmovchilik oqibatida tanishlari — 61 yoshli ayol N.A. va 29 yoshli yigit U.D.ni qasddan o‘ldirish maqsadida tanalarining turli sohalariga oshxona pichog‘i bilan urgan.
Oqibatda U.D. shahar tibbiyot birlashmasida olgan tan jarohatlari bilan vafot etgan. Ayolga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Holat yuzasidan Kogon shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro A.G.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibida ushlangan.