Bahorda Airbus aviatsiya konsernining “ona shahri” Tuluza (Fransiya)da bo‘ldim. Bo‘sh vaqtimda Aeroscopia (Aeroskopiya) aerokosmik muzeyi i Ailes Anciennes Toulouse (“Tuluzaning ko‘hna qanotlari”) muzeyiga borishni o‘zim uchun qat’iy rejalashtirib qo‘ygandim. Ularning har ikkisi ham aviatsiyaga qiziquvchilar uchun muhim joy.

Aeroskopiya — shaharning Airbus konserni va Tuluza rasmiylari ishtirokida tashkil etilgan bosh muzeyi bo‘lsa, Ailes Anciennes jamoat muzeyi esa volontyorlik harakati mevasidir.

Aeroskopiyada Airbus’ning tarixini boshlab bergan A300, “Konkord”, “Super Guppi”, birinchi A380, A340−600, birinchi A320 va 1950-yillar afsonasi — “Super Karavella” kabi afsonaviy uchoqlar yig‘ilgan.

Birinchi A300, Aeroskopiya. Foto — maqola muallifiniki.Birinchi A300, Aeroskopiya. Foto — maqola muallifiniki.

Ilk A320 va A380 samolyotlari, Aeroskopiya. Foto — maqola muallifiniki.Ilk A320 va A380 samolyotlari, Aeroskopiya. Foto — maqola muallifiniki.

Dastlabki A340−600 lardan biri. Jahondagi eng uzun yo‘lovchi samolyotlardan biri. Foto — maqola muallifiniki.Dastlabki A340−600 lardan biri. Jahondagi eng uzun yo‘lovchi samolyotlardan biri. Foto — maqola muallifiniki.

“Super Guppi” va MiG-15. Shift ostida esa “Burga” osilib turibdi. Foto — maqola muallifiniki.“Super Guppi” va MiG-15. Shift ostida esa “Burga” osilib turibdi. Foto — maqola muallifiniki.

Angar ichida 1930-yillarda ishlab chiqarilgan “Burga"dan tortib to Airbus Zero emissions kabi zamonaviy elektrosamolyotlargacha ko‘rish mumkin.

“Konkord”. Foto — maqola muallifiniki.“Konkord”. Foto — maqola muallifiniki.

Airbus E-fan elektrik uchar laboratoriyasi. Foto — maqola muallifiniki.Airbus E-fan elektrik uchar laboratoriyasi. Foto — maqola muallifiniki.

Ailes Anciennes’da butun Fransiya va Yevropa bo‘ylab ishlab chiqarilgan yanada noyobroq samolyotlarni uchratish mumkin.

“Tuluzaning eski qanotlari”. Old planda — mashhur “Dasso Miraj 2000”. Foto — maqola muallifiniki.“Tuluzaning eski qanotlari”. Old planda — mashhur “Dasso Miraj 2000”. Foto — maqola muallifiniki.

Qiruvchi samolyotlar qatori. Foto — maqola muallifiniki.Qiruvchi samolyotlar qatori. Foto — maqola muallifiniki.

Jamoat muzeyi logotipida ilk ikki palubali samolyotlardan biri — afsonaviy Breguet 761 tasvirlangan. Aynan shu samolyot muzeyning markaziy eksponati ham hisoblanadi. Hozirda bu samolyotni qayta tiklash ishlari olib borilmoqda.

Breguet 761 — ikki palubali ilk samolyotlardan biri. Foto — maqola muallifiniki.Breguet 761 — ikki palubali ilk samolyotlardan biri. Foto — maqola muallifiniki.

Muzey logotipi.Muzey logotipi.

Ammo, eng hayratlanarlisi, Aeroskopiyada ham, “Eski qanotlar"da ham sovet qiruvchi samolyotlari bor va, boshqa samolyotlarga qanday ehtiyotkor va e’tibor bilan munosabatda bo‘lishsa, sovet samolyotlariga ham xuddi shunday qarashadi.

Muzey angari. Mashhur “Dasso Alfa Djet” o‘quv-mashg‘ulot samolyotini tiklash ishlari olib borilmoqda. Foto — maqola muallifiniki.Muzey angari. Mashhur “Dasso Alfa Djet” o‘quv-mashg‘ulot samolyotini tiklash ishlari olib borilmoqda. Foto — maqola muallifiniki.

“Eski qanotlar” hududida samolyotlarni ta’mirlash angari bo‘lib, volontyorlar u yerga bo‘sh vaqtida kelib, nafaqat Fransiyaning, balki boshqa mamlakatlarning ham aviamerosini kelajak avlodlarga saqlab qolish uchun muhim ishni bajaradi.

1950-yillarning qayta tiklangan Magirus-Deutz 250 Orion shatakchisi. Foto — maqola muallifiniki.1950-yillarning qayta tiklangan Magirus-Deutz 250 Orion shatakchisi. Foto — maqola muallifiniki.

U yerda ko‘rganlarimning barini bir maqolaga sig‘dirish, tabiiyki, imkonsiz.

Toshkentda barcha imkoniyatlar bor

O‘zbekistonda — xususan, Toshkentda — faxrlansa arzigulik boy aviatsiya merosi bor. Ammo u bilan tayinli tanishishning imkoni yo‘q, bu merosning katta qismi esa so‘nggi o‘n yilliklarda shunchaki yo‘q bo‘lib ketgan. Shunga qaramay, mamlakatda hali ham e’tiborga molik eksponatlar bor. Butun dunyodan aviatsiya muxlislarini o‘ziga qaratadigan qiyosi yo‘q bir muzey tashkil etib, ularni saqlab qolish mumkin.

Yaqin-yaqingacha Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya zavodi darvozalaridan samolyotlar olib chiqilib, shu yaqindagi uchish-sinov transport majmuasi (USTM)ga tortib borilardi (“Gazeta.uz"da shu haqda fotoreportajlari ham bor). Hududi turli ishlab chiqarish korxonalari tomonidan egallangan zavodni endi qayta tiklab bo‘lmaydi. Ammo USTM hududida ham zavoddan esdalik, ham mamlakatning aviatsiya tarixi yodgorligi sifatid samolyotlar saqlanib qolgan.

Orasida o‘z yo‘nalishida yagona va kamyob hisoblanganlari ham bo‘lgan bu samolyotlar bugun yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi. Shahar o‘syapti, yangi turar joy mavzelari qurilyapti, sobiq sinov aerodromi rekonstruksiya qilinyapti va, alal-oqibat, bu yerda turgan eski samolyotlarga joy topilmay qolishi mumkin. Vaholanki, ularning bari tushunarsiz sabablarga ko‘ra Toshkentda hali ham tashkil etilmagan aviatsiya muzeyining ajoyib eksponatlariga aylanishi mumkin edi.

USTM hududida Il-114 samolyotining dunyoda yagona hisoblangan yuk tashuvchi versiyasi (Il-114T) turibdi! Boshqa bunday samolyot yo‘q. Undan sal narida kamyob, Toshkent aviazavodi mahsuloti hisoblangan, o‘zbek aviasozlarining mehnati singgan An-8 turibdi. Undan keyin boy tarixga ega sobiq birinchi raqamli harbiy bort — Tu-154-B1. Tu-134 ham juda muhim samolyot. Umuman, bu yerda turgan samolyotlarning bari qadrli va saqlab qolinishi lozim.

Tu-154-B1, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.Tu-154-B1, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.

Tu-134, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.Tu-134, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.

Il-114T, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.Il-114T, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.

An-8, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.An-8, USTM. Foto mushtariy tomonidan yuborilgan.

Agar bu ro‘yxatga Andijondagi Tu-124, Termizdagi Hawker 800 kabi kamyob samolyotlar va Yak-42 samolyotining Nukus yaqinida turgan, seriyaviy ishlab chiqarilishidan avvalgi noyob modifikatsiyasini ham qo‘shadigan bo‘lsak, haqiqatan ham qiyosi yo‘q bir kolleksiya vujudga keladi.

Tu-124, Andijon viloyati. Foto: Aleksandr Belenkiy / macos.lj.com.Tu-124, Andijon viloyati. Foto: Aleksandr Belenkiy / macos.lj.com.

Hawker 800, Termiz. Google xaritasi.Hawker 800, Termiz. Google xaritasi.

Nukus yaqinidagi Yak-42. Foto: starcom68.Nukus yaqinidagi Yak-42. Foto: starcom68.

Tuluzadagi muzeyga har yili 120 mingdan ziyod mehmon keladi. Bu raqamni bir tasavvur qilib ko‘ring-da! Toshkent aviatsiya muzeyi ham O‘zbekistonning eng mashhur, ommabop osori-atiqalaridan biriga aylana olgan bo‘lardi. Mamlakatda aviatsiya sohasi jadal rivojlanayotgani, Transport institutida uchuvchi va texnik xodimlarni tayyorlash kurslari ochilgani, yoshlar orasida aviatsiyaga qiziqish oshib borayotganidan kelib chiqilsa, muzey bo‘lajak mutaxassislar uchun amaliyot maydonchasi sifatida ham xizmat qilgan bo‘lur edi.

Toshkent aviatsiya muzeyi butun Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lishi mumkin. Bu loyihadan birgina poytaxtning o‘zi emas, balki butun mamlakat manfaat ko‘rgan bo‘lardi. O‘zbekistonda hech qachon parovozlar ishlab chiqarilmagan bo‘lsa-da, Toshkentda parovozlar muzeyi bor. Shunday ekan, mamlakat butun boshli ulkan aviatsion tarixga ega bo‘lgani holda, nega samolyotlarni ham saqlab qolmaslik kerak? Rasmiylar qaror qilsa bas.

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi 100 yoshga to‘lgan yilda uchish-sinov majmuasidagi samolyotlar taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Metallolomga topshirilgan boshqa ko‘plab samolyotlar kabi ular ham yo‘q qilinishi ehtimolini istisno etib bo‘lmaydi. Agar bu samolyotlar hozir saqlab qolinmasa, keyinchalik saqlab qolgulik hech narsa ham qolmasligi mumkin. Shu tariqa, minglab insonlar va mamlakat tarixining muhim bir qismi faqat suratlar va xotiralarda qoladi, xolos.

Muzey qayerda bo‘lishi kerak?

Loyihani amalga oshirishning eng yaxshi va eng kamxarajat yo‘li — samolyotlar hozir qayerda turgan bo‘lsa, muzeyni o‘sha joyda ochishdir.

Birinchidan, bu joy — tarixiy. Bu yerda “An” va “Il” samolyotlari buyurtmachilariga topshirilishidan avval ilk bor aynan shu yerdan havoga ko‘tarilgan. TAPOiChda yig‘ilgan har bir bortning parvoz tarixi aynan shu yerdan boshlangan. Muzey uchun bundan-da yaxshiroq joyni o‘ylab topish ham imkonsiz.

Ikkinchidan, eksponatlarni boshqa joyga tashishga hojat qolmaydi, bu esa katta xarajatlardan qochish hamda samolyotlarni buzib, qayta yig‘ishga ketadigan vaqtni tejash imkonini beradi. Samolyotlarni bo‘laklarga bo‘lib, so‘ng yana qayta tiklash ularning holatiga yomon ta’sir ko‘rsatishini alohida qayd etib o‘tish joiz.

Uchinchidan, muzey ayni damda rekonstruksiya qilinayotgan “Sharqiy” aeroporti hududiga tutash bo‘ladi. Kelgusida, eksponatlar soni oshib boravergani sayin, ayrim samolyotlarni parvoz qila oladigan holatgacha qayta tiklash bo‘yicha nazariy imkoniyat yuzaga keladi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi muzeyning shundoq yonginasida bo‘ladi. Eski samolyotlarning namoyishkorona tarixiy parvozlari yuzlab aviaturistlarni jalb qilishi jahon amaliyotidan ma’lum. Bu nafaqat muzeyning o‘zini o‘zi moliyaviy ta’minlashiga yordam beradi, shu bilan birga, bu tomosha uchun kelgan sayyohlar Toshkentning boshqa joylari va boshqa shaharlarga ham safar qilib, turizm bo‘yicha tushumlarning oshishiga hissa qo‘shadi. Muzey kelgusida o‘zi uchib keladigan eksponatlarni ham qabul qila olish imkoniyatiga ega bo‘lishi — bu ham katta yutuq bo‘lur edi. Jahondagi aksariyat aviatsiya muzeylari yo shunday uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega, yo bo‘lmasa shunday yo‘lakni maxsus qurdiradi. Toshkent misolida esa yo‘lak tayyor.

To‘rtinchidan, muzeyning shaharga yaqinligi unga borishni, xususan, jamoat transporti vositasida yetib olishni osonlashtiradi. Poytaxtning o‘sib borishi va Yangi Toshkentning ham qurilishi inobatga olinadigan bo‘lsa, aviatsiya muzeyi shaharning asosiy osori-atiqalaridan biriga aylangan bo‘lur edi.

Xulosa o‘rnida shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bo‘lajak muzeyning yarim ishi bitgan. Uni kichik bir tayyorgarlik bilan ham ochib yuborish mumkin. Mamlakatda aviatsiya muzeyini qulay, shinam va axborotga to‘la ko‘rinishga keltirish uchun sidqidildan yordam berishga tayyor tashabbuskorlar ko‘plab topiladi.

Muzey — bu shunchaki samolyotlar saqlanadigan joy emas. Bu — tashrif buyuruvchilar samolyot modellarini ko‘rishi, ularning ishlab chiqarilishi tarixi bilan tanishishi, bolajonlar alohida ajratilgan bolalar maydonchalarida aviatsiya sir-asrorlarini o‘yin tarzida o‘rganishi mumkin bo‘lgan interfaol joydir; bu yerda, shuningdek, texnik adabiyotlar kutubxonasi, texnika to‘garaklari, kinozal, suvenerlar do‘koni va yana boshqa ko‘p narsalar faoliyat ko‘rsatadi. Aqlli yondashuv bilan bu muzeyni yilning istalgan kuni va kunning istalgan vaqtida shahar ahli va mehmonlarini bir joyga jamlovchi a’lo darajadagi jamoat makoniga aylantirish mumkin.

Avvalgi urinishlar

“Gazeta.uz” o‘tgan yili ham Abror Satimovning bir guruh boshqa aviatsiya ixlosmandlari va spotterlar bilan birgalikda Toshkentda aviatsiya muzeyini ochish bo‘yicha rasmiylarga qaratilgan chaqiriqlari ko‘p yillardan beri behuda ketayotgani haqida yozgandi.

2017-yil kuzida, O‘zbekiston prezidenti Astronomiya institutining yonida Astronomiya va aeronavtika parkini ochish haqidagi qarorni imzolagan vaqtda, samolyotlarning kichik bo‘lsa-da bir parkini tashkil etish uchun umid paydo bo‘lgandi. Hujjatda Mudofaa vazirligi, Milliy aviakompaniya va (sobiq TAPOiCh hududida ish olib borayotgan) Toshkent mexanika zavodi ixtiyoridagi samolyotlar parkka olib kelinishi belgilab qo‘yilgandi. 2019-yil yozida loyihani amalga oshirayotgan kompaniya samolyot va vertolyotlarni o‘rnatish bo‘yicha Mudofaa vazirligi bilan shartnoma ham imzolaganini ma’lum qilgandi. Shundan beri loyiha haqida hech gap yo‘q. 2022-yil kuzida bu joyda Gullar bog‘ini tashkil etish haqidagi hukumat qarori loyihasi paydo bo‘ldi. 2024-yilda esa Turizm vazirligi bu joyni “jamoatchilik bog‘i"ga aylantirishini e’lon qildi, ammo unda samolyotlar haqida gap yo‘q.

2021-yil boshida Toshkent shahar hokimligi istirohat bog‘larini obodonlashtirish va yangilarini tashkil etishga doir rejalarini jamoatchilikka taqdim etgan, ular orasida ham aviatsiya parki loyihasi ham bor edi. Ammo bu loyiha ham amalga oshirilgani yo‘q.

O‘zbekiston hukumati 2022-yil yanvarida mamlakat aeroportlarida aviaspotting bilan shug‘ullanishga rasman ruxsat berdi. Ayni vaqtda, xuddi shu qarorda Uzbekistan Airports kompaniyasiga O‘zbekiston Milliy aviatsiya muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifni Mudofaa vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish haqida ham topshiriq berilgandi. Bu loyiha taqdiri ham noma’lum.