Oxirgi paytlarda metropolitenning ayrim bekatlarida katta tirbandliklar yuzaga kelgani aks etgan videolar tarmoqlarda tarqalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Yo‘lovchi oqimini to‘g‘ri taqsimlash, tirbandlikni biroz bo‘lsa-da yumshatish maqsadida sentabr oyidan Toshkent shahridagi metro bekatlariga yaqin 27 ta OTMda dars jarayonining boshlanish vaqti belgilandi. Ammo shunga qaramay, metrodagi tiqilinch vaziyat deyarli o‘zgargani yo‘q, hamon yo‘lovchilar e’tiroz bildirmoqda.

9-oktabr kuni Xalqaro press-klubda Toshkent metropoliteni rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutasaddilar bekatlardagi tirbandliklar va ularning yechimlari to‘g‘risida rejalarini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov.

Kuniga 1 millionga yaqin yo‘lovchi metrodan foydalanmoqda

Metropoliten bosh muhandisi Mirhokim Mirhusanovning aytishicha, yo‘lovchi oqimining ko‘payganligi va xizmat sifatining oshganligi natijasida tashkilot daromadi ham ortib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2016-yilda yillik daromad 63 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 477 mlrd so‘mga yetgan.

“Bugungi kunda jami bekatlar soni 50 ta bo‘lib, linyalar uzunligi 71 kilometrdan iborat. Stansiyalar soni ko‘payishi ortidan yo‘lovchilar oqimi ham kattalashmoqda. Masalan, 2016-yilda 52 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsak, 2023-yilda bu raqam 172 millionga yetdi. Hozirda kuniga 1 millionga yaqin yo‘lovchi metrodan foydalanmoqda. 2024-yil oxiriga borib, 209 million kishiga xizmat ko‘rsatishni reja qilyapmiz”, — dedi u.

Mirhokim Mirhusanovning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yilda 36 ta, 2024-yilda esa 65 ta harakat tarkibi (poyezd) xarid qilindi. Ularning barchasi liniyalarda harakatlanib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

“Hozirgi kunda tig‘iz vaqtlarda poyezdlarning oraliq harakati tarkibi Chilonzor yo‘nalishida 1,5 daqiqa (2021-yilda — 5 daqiqa), O‘zbekiston yo‘nalishi — 3 daqiqa (6), Yunusobod yo‘nalishi — 4 daqiqa (11) hamda yer usti halqa yo‘nalishi 9 daqiqadan (12) iborat”, — dedi metropoliten rasmiysi.

Muammolarning qanday yechimlari bor?

Mirhokim Mirhusanov metropoliten faoliyatidagi muammolar haqida gapirarkan, quyidagi masalalar va yechimlarni sanab o‘tdi:

1-masala: yo‘nalishlardagi harakat tarkiblari bilan bog‘liq nosozliklar xizmat muddatini o‘tagan 21 ta eski poyezdlar bilan sodir bo‘lmoqda.

Yechim: shu yilning dekabr oyidan boshlab 2025-yilning yakuniga qadar 26 ta to‘rt vagonli yangi poyezdlar xarid qilinadi.

2-masala: yo‘lovchilarning asosan 1- va 4-vagonga chiqishi hamda eshik oldida tartibsiz turishi vagondan tushayotgan va unga chiqayotganlarga xalaqit beryapti. Bunday holatlar ko‘p kuzatilmoqda. Shuningdek, bu poyezdlarning belgilangan vaqt intervalidan ortda qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Yechim: yo‘lovchilarga metropolitendan foydalanish qoidalari hamda vagonlarga kirish va chiqishda tartib bilan harakatlanish yuzasidan OAV yordamida tushuntirishlar olib borish.

3-masala: hamma bekatlarda yo‘lovchilar oqimining har xilligi, ba’zi bekatlarda haddan tashqari yo‘lovchilar oqimining yuqoriligi.

Yechim: bekatlardagi yo‘lovchi yuklamasini kamaytirish maqsadida yo‘lovchilar imkon qadar nisbatan kam odam tashiladigan o‘ziga yaqin bekatlar orqali harakatlanishi bo‘yicha OAVda tushuntirish ishlarini olib borish.

7-oktabr holatiga ko‘ra, Toshkent metropolitenida kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 990 606 nafarni tashkil etdi. Shundan 478 352 nafari Chilonzor yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston yo‘nalishida — 277 123 nafar, Yunusobod — 142 740 nafar va yer usti halqa yo‘li — 92 391 nafar yo‘lovchi harakatlangan.

metroda аvaрия, metrodagi ҳолат, metropoliten

Foto: t.me/mirzo_zominiy

O‘z navbatida, bekatlar kesimida “Paxtakor” bekati eng yuqori yo‘lovchi oqimiga ega — kunlik yo‘lovchilar soni 77 272 nafar. Undan keyingi o‘rinlarda “Amir Temur xiyoboni” (60 048 nafar) hamda “Chilonzor” (58 754 nafar) qayd etilgan. “Buyuk ipak yo‘li” bekatida yo‘lovchi oqimi 54 195 nafar, “Olmazor” bekatida esa 30 678 nafarni tashkil qilgan.

“Yo‘lovchilarga iltimos qilib qolamizki, ular yashash xonadoni yoki ishlash joyiga yaqin metro bekatlaridan foydalanishsa, barcha bekatlarda yuklamalar bir xil bo‘ladi. Bu poyezdlar harakatiga ham, bekatlardagi qurilmalarning bir maromda ishlashiga sabab bo‘ladi. Hozir tig‘iz paytlarda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida katta bekatlarda xodimlarimiz tomonidan odamlarning vagon ichiga kirgizish yoki yo‘lni ochib, odamlarni vagon ichidan bekatga tushirib olishga ham katta ahamiyat qaratilyapti. Bu borada ichki ishlar xodimlari ham ko‘maklashmoqda. Asosiy muammolardan bittasi shu bo‘lyapti”, — dedi Metropoliten rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov.

4-masala: Toshkent shahrida joylashgan yirik ishlab chiqarish tashkilotlari va o‘quv muassasalarida bir vaqtning o‘zida (soat 08:00 va 09:00 oralig‘ida) ish kuni va darslarning boshlanishi ayni shu vaqt oralig‘ida metropolitenda bir qator tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda.

Yechim: yirik ishlab chiqarish va o‘quv muassasalarining ish hamda o‘qish boshlanishi vaqtlarini o‘zgartirish. Bu nafaqat transportdagi tig‘izlik, shu bilan birga yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytiradi.

Abdutohir Abduqodirov hukumat, Transport vazirligi hamda tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda yirik korxonalarda ish boshlanishi vaqtini qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.

“Toshkent shahrida 1 ming, 10 ming nafardan ortiq ishchi ishlaydigan korxonalar bor, ularning ayrimlarida ish vaqti soat 08:00 da boshlanadi. O‘zimizning ham ishimiz xuddi shunga o‘xshash. Korxonalarning ham ish vaqtini ko‘rib chiqishni reja qilganmiz. Masalan, soat 08:00 da emas 09:00 da qilish taklifini bildirmoqchimiz, agar ularga ham ma’qul kelsa, sal bo‘lsa-da, bekatlardagi tirbandliklar kamayishiga erishgan bo‘lamiz”, — dedi u.