Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Vlado Radmanovich 2026-yilgi jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasidagi BAA bilan uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashdi. O‘FA`ning YouTube kanalida anjuman jonli efirga uzatildi. Birinchi davra bahsi 15-oktabr kuni soat 19:00 da Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Tadbir avvalida Vlado Radmanovich bosh murabbiy Srechko Katanetsning holati haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, bosh murabbiy noyabr oyidagi o‘yinlarda o‘z vazifasiga qaytadi.

“Biz Katanets bilan doimiy aloqadamiz. U o‘zini juda yaxshi his qilayotganini ma’lum qildi. Noyabr oyidagi o‘yinlarda terma jamoani o‘zi boshqaradi. U mashg‘ulotlarni kuzatib boryapti, o‘yinda ham biz bilan aloqada bo‘ldi. Bizga har doim kerakli maslahatlarni berib turibdi”, — dedi u.

Murabbiy BAA bilan bo‘lajak o‘yinda milliy terma jamoa salbiy an’anaga chek qo‘yish niyatida ekanini aytdi. Har bir o‘yin o‘ziga xos. Bizda BAA bilan o‘tadigan o‘yinlarda salbiy an’anamiz bor — o‘z uyimizda ularni hozircha mag‘lub etmaganmiz. Ertangi uchrashuvda bu an’anaga chek qo‘yishga harakat qilamiz. Futbolchilarning barchasi tayyor va biz ertaga faqat ijobiy natija uchun maydonga tushamiz, deya ta’kidladi Vlado Radmanovich.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda terma jamoa tarkibidagi favoritlardan Abbosbek Fayzulloyev va Oston Urunovda jarohat bor. Ular kuzatuv ostida.

Chempionat.asia nashrining yozishicha, kecha Fayzullayev mashg‘ulot payti jamoadoshlaridan biri bilan to‘qnashib ketgan. Jamoa shifokorlari tun bo‘yi Abbosning ahvolini yaxshilash uchun uni nazoratda ushlashgan. Kechagi to‘qnashuv natijasida futbolchining suyaklari lat yemagan va ehtimoliy kutilgan xavf ortda qolgan. Bizning ma’lumotga ko‘ra, Fayzullayev ertangi uchrashuvda ishtirok etishi mumkin, deyiladi xabarda.

сречко каtaнец, o‘zбекистон - баа, фuтбол

Shuningdek, matbuot anjumanida ishtirok etgan Odilbek Hamrobekov ham ularni ertaga yaxshi jamoaga qarshi qiziqarli bahs kutib turgani, ertangi o‘yin uchun borini berib o‘ynashlariga ishontirdi. Ertangi uchrashuvda muxlislarni xursand qilish uchun barchasiga tayyormiz, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, terma jamoaning markaziy himoyachisi Rustam Ashurmatov ham Eron bilan uchrashuvda olgan sariq kartochkasi tufayli BAAga qarshi bahsni o‘tkazib yuborishga majbur.

Uch tur yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 7 ochko bilan A guruhida birinchi o‘rinni saqlab qolgan. Keyingi o‘rinlarda Eron (7), BAA (4) va Qatar (4) bormoqda.

сречко каtaнец, o‘zбекистон - баа, фuтбол

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichida 18 ta terma jamoa oltitadan uchta guruhga bo‘lingan. Guruhning eng yaxshi ikki jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCH-2026 final bosqichiga yo‘l oladi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar yana ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma va qit’alararo pley-off yo‘llanmasi uchun to‘rtinchi bosqichda o‘ynaydi.

Uchinchi saralash bosqichi ikki davrada (10 tur) o‘tkaziladi. Bocqich 2024-yil 5-sentabrda boshlangan va 2025-yil 10-iyunda tugaydi.