O‘zbekistonning katta qismida haftaning ilk ish kunlarida juda ham ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilinmoqda. 16−17-oktabr tonggi muddatlarida sovuq Sibir antitsiklonining janubi-g‘arbiy chekkasi respublikaning katta qismi uchun mavsumdagi ilk nol darajaga yaqin sovuq havo haroratni ulashadi.

Manba: meteoinfo.ruManba: meteoinfo.ru

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 14−15-oktabr kunlari respublikada asosan, nam havo, harorat shu kunlar uchun xos iqlimiy me’yordan past kutiladi. Janubiy viloyatlarda havo harorati maksimumi +22…+25 daraja, shimoliy va boshqa viloyatlarda esa +13…+18 darajagacha ko‘tariladi. Tunda +8…+13 daraja, shimol, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 0…+5 darajagacha salqin harorat kuzatiladi.

Qoraqalpog‘istonning Ustyurt platosida ushbu kunlari havo harorati -2 daraja sovuqqacha pasayadi. Ushbu kunlari shimol va janubiy viloyatlardan tashqari joylarda nam havo oqimlaridan yaxshigina yog‘ingarchilik kutiladi. Ayniqsa, Farg‘ona vodiy viloyatlari hamda Sirdaryo, Toshkent, Jizzax viloyatlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik kutiladi. Tog‘larda esa yog‘inlar kuchli yog‘ib o‘tishi, baland tog‘larda qor bo‘ronlari kuzatilishi mumkin. Navoiy-Buxoro viloyati hududlarida biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi prognozlarda keltirilmoqda.

iqlim, ob-havo, эркин абдuлаҳатов

16-oktabr kuni sovuq Sibir antitsiklon chekkasi respublikaga chuqurroq ta’sir etib, joylarda kunduz va kechki muddatlarda havo haroratini sezilarli darajada past bo‘lishini ta’minlaydi. Ushbu kuni faqat Farg‘ona vodiysi va tog‘larda yog‘ingarchilik kutiladi. 17-oktabr kuni antitsiklonning chekinish bosqichida respublika yog‘ingarchiliksiz, quruq ob-havo ta’sirida bo‘ladi. Tonggi haroratlarda sezilarli darajada sovuq haroratlar kuzatilsa-da, aholi kunduz kuni zarrin quyosh nurlari ta’sirida haroratning asta-sekin ko‘tarilib borayotganini o‘z tanasida his qila boshlaydi. Ushbu kunlari janubiy viloyatlarda ham tun va tonggi muddatlarda harorat +4 darajagacha, boshqa hududlarda 0…+3 darajagacha pasayadi. Shimolda esa havo harorati minimumlari -2 daraja sovuqqacha pasayadi. Ushbu kunlari mavsum uchun respublikaning asosiy qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida keng masshtabda ilk “sovuq urish” hodisalari kuzatilishi mumkin.

Faqat Farg‘ona vodiy viloyatlarida 16-oktabr namlik hisobiga tunda ham havo harorati +5…+10 daraja atrofida biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Sinoptiklar 17-oktabr tongida antitsiklon ta’sirida vodiyda ham harorat +3 darajagacha pasayib ketishini prognoz qilishdi.

“O‘zgidromet”ning uzoq muddatli ob-havo prognozlariga ko‘ra, 18-oktabrdan boshlab respublika hududlariga Turkmaniston orqali yana iliq va quruq havo massalari kirib kelishi taxmin qilingan. Shu kundan respublikaning ko‘plab viloyatlarida havo harorati maksimumlari +25 darajagacha ko‘tarilishi ma’lum qilingan. Dam olish kunlari ham joylarda havo harorati asta-sekin yuqorilab boradi. Masalan, 19-oktabr kuni avvaliga shimolda, keyinroq 20-oktabrda respublikaning katta qismida kunduz kunlari havo harorati maksimumlari +25… +30 darajagacha, janubda esa +32 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilingan. Shu bilan birgalikda ushbu kunlari tungi haroratlar ham asta-sekin ko‘tarilib borishini ta’kidlab o‘tish mumkin.

Qisqacha aytganda, joriy nam havo oqimlari Toshkent va Farg‘ona vodiy viloyatlari hududlariga yaxshigina yog‘ingarchilikni ulashadi. Jahon iqlim modellariga ko‘ra, 14−20-oktabr oralig‘ida Toshkent va vodiy viloyatlarida umumiy yog‘ingarchilik miqdori 10−100 mm gacha yog‘ib o‘tishi mumkin ekan.

Manba: GEFS iqlim modeliManba: GEFS iqlim modeli

Nam havo oqimlari kirib kelishi kutilayotgan 14−15-oktabr kunlari cho‘l hududlarida va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar va chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Haftaning dastlabki ish kunlarida respublikaning asosiy aholi istiqomat qiluvchi hududlari aholisi o‘zida siklonal omil va serotonin gormon yetishmasligi bilan bog‘liq quyoshsiz kuz havosi ta’siriga tushadilar. Ob-havo o‘zgarishlariga moyil va mazkur ta’sirlarga sezuvchan aholi bundan oldingi materialda serotoni va siklonal ta’sirni organizmga salbiy ta’sirlarini kamaytirishda berilgan tavsiyalarga amal qilishlari tavsiya etiladi.

Haftaning o‘rtalariga kelib, respublikaning katta qismi antitsiklonal ta’sir ostida bo‘ladi. Va bunda atmosfera bosimi joylarda 1027 gPacha (normal atmosfera bosimi 1013,2 gPa) ko‘tariladi.

Antitsiklonal omil ta’siri

Yuqori atmosfera bosimi inson sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, u allergik, asmatik hamda qon bosimi xastaliklari bilan og‘riyotgan bo‘lsa. Bunday kishilar havodagi turli ko‘rinmas mayda zarrachalarga agressiv bo‘lishadi, aksiga olib, tinch ob-havo sharoitida bu kabi zarralar havoda ko‘p muddat muallaq saqlanadi. Davomli yuqori bosimli antitsiklon inson tanasida bosh va yurak og‘rig‘i, ish faoliyatining sustlashi, umumiy zaiflik bilan namoyon bo‘ladi. Atmosfera bosimining ko‘tarilishi qondagi leykotsitlar sonini kamaytirish orqali organizmning himoya funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bularning barchasi inson salomatligini sezilarli darajada og‘irlashtiradi. Organizmni turli yuqumli kasalliklarga moyil qilishi mumkin.

Tavsiyalar. Antitsiklon ta’sirlarga moyi kishilar uning ta’sirini yengillashtirish uchun ertalab tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilish, yengil gimnastika bilan shug‘ullanish hamda ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qo‘shish va iste’mol qilish tavsiya etiladi. Insonning immun va asab tizimiga yukni kamaytirish, zo‘riqtirmaslik maqsadida, ozgina ma’lum muddat kundalik ish rejimini ham o‘zgartirish lozim. Iloji bo‘lsa, antitsiklonning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida, ko‘proq dam olgan ma’qul. O‘zbekistonda antitsiklon jarayonlari ta’siri 1.5−2.5 sutkagacha, juda ham kam holatlarda 3.5 sutkagacha davom etishi mumkin.

Bioiqlimiy sharoitlar

Haftaning ilk ish kunlari (14−15-oktabr) respublikaning janubiy viloyatidan tashqari hududlarda sutkaning barcha muddatlari uchun yengil paxtali kiyim kiyish toifasiga ko‘ra, “sovuq” va “juda sovuq” bioiqlimiy sharoit hukmron bo‘ladi. Bunda haroratning +15…+17 darajalik holatida ham kishilar yuqori namlik hisobiga qalinroq kiyim kiyib olishlari talab etiladi. Samarqand,Toshkent, Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona vodiy viloyatlari aholisi tashqarida harakatlanganda, yomg‘irdan himoyalanish maqsadida, o‘zlari bilan soyabonlar olib yurishlari tavsiya etiladi.

16−17-oktabr kunlari (16-oktabr kuni vodiy viloyatlaridan tashqari) hududlarda ko‘m-ko‘k osmon fonida ochiq havo hukmron bo‘lsa-da, sezilar sezilmas shamol omili tanaga real havo haroratini sezilarli darajada past haroratlar kabi his qilinishiga olib keladi. Bu kunlari quyoshning zarrin nurlariga ishonib, yengil kiyinib ko‘chaga chiqish tavsiya etilmaydi. Juma kunidan boshlab esa antitsiklon mintaqadan to‘liq chekingach, kunduz kunlari yana asta komfort iqlimiy muhit O‘zbekistonga yana qaytadi. Dam olish kunlari esa hatto kishilar kunduzgi muddatlarda yengil kiyimlarni kiyib olishlari ham mumkin.

Kosmik ta’sirlar

14-oktabr kuni erta tong Quyosh dog‘laridan birida M sinfiga mansub o‘rtacha xavfga ega Quyosh chaqnashi qayd etildi. Undan ajralgan Quyosh massasi katta ehtimol, 16-oktabr kuni Yer magnitosferasiga urilishi va uzoq davomli bo‘lmagan 4−5 ballik magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi prognoz qilinmoqda. Haftaning ilk ish kunlari uchun esa ushbu omil bilan bog‘liq sokin vaziyat kuzatilishi taxmin qilinmoqda.

Manba: xras.ruManba: xras.ru

Quyosh o‘zining har 11 yillik 25-siklik faollashish davrining o‘ta yuqori bosqichida ekanligi, to‘satdan Quyosh dog‘larida yana M yoki X sinfga mansub kuchli chaqnashlar sodir bo‘lish xavfi yuqoriligacha saqlanib turibdi. Agarda, dushanba yoki seshanba kunlari Quyosh fotosferasida yana kuchli chaqnash yuz bersa, sayyoramizda hafta o‘rtalaridan magnit bo‘ronlari xavfi ortishi mumkin. Chunki, Quyoshda chaqnash kuzatiladigan dog‘lar ayni Quyoshning sayyoramizga qarab turgan hududlarida joylashgan.

Hozirgi kunda magnit bo‘ronlarini prognoz qilishning 2 kundan ortiq kunlar uchun ishonchli prognoz qiladigan mahsulotlari dunyoda mavjud emas. Va shuning uchun ayni hozirgi davr uchun kelayotgan ikki kunlik uchun magnit bo‘roni prognoz ma’lumotlariga tayanib, rejalar tuzish lozim.

Tavsiyalar. Magnit bo‘roniga ta’sirchan aholi qatlami bo‘ron vaqti jismoniy zo‘riqishlardan qochishi, ko‘proq dam olishi, ortiqcha ovqatlanmasligi, spirtli ichimliklar ichishdan tiyilishi maqsadga muvofiqdir. Shifokorlar bunday paytda ko‘proq suv iste’mol qilishni ham tavsiya etadi.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Yuqorida ayti o‘tilganidek, antitsiklonal tinch ob-havo muhitida atmosferada mayda zarrachalarning qisqa muddat muallaq turib qolishi, kishilarda allergik kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bu davr respublikada 16−17-oktabr kunlari kuzatilishini inobatga olsak, aynan shu kunlari quyosh chiqishi va botishidan so‘ng atmosferada inversiya hodisasi sabab, havoda xiralik ortishi mumkin.

Bunda havo ifloslanishini monitoring qiluvchi datchiklar ham shu xiralik hisobiga havo iflosalinishining yuqori darajalarini qayd etadi. Keyingi havo ifloslanish muhiti esa haftaning dam olish kunlariga to‘g‘ri kelib, haroratning ko‘tarilishi, pastdan yuqoriga tortuvchi kuch hisobiga kunduz kunlari havoda mayda dispers zarrachalari ortishiga olib kelishi mumkin.

Cho‘l hududlar va janubiy viloyatlarda esa hafta boshlarida frontoldi shamollari chang to‘zonlarni keltirib chiqarishi va havoda aynan chang omili hisobiga kuchli ifloslanish yuz berishi mumkin. Bunday paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Xullas, haftaning ob-havoning turli ta’sirlaridan qulay kun bu juma kuniga to‘g‘ri kelib, ko‘pchilik ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar ham shu kuni o‘z tanasida ancha yengilliklarni his qiladi.