VEON Group (Niderlandiya) kompaniyasi Andrey Pyataxin Beeline Uzbekistan (Unitel) yangi bosh direktori etib tayinlanganini ma’lum qildi. Uning amaldagi rahbari Anjey Malinovski noyabr oyi oxirigacha iste’foga chiqadi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.
Andrey Pyataxin 2001-yildan buyon VEON Group`da ishlaydi. U turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan, xususan, Gruziya, Armanistondagi operatsion kompaniyalarning bosh direktori va ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin Beeline Kyrgyzstan`ni boshqargan.
Anjey Malinovski 2021-yilning mart oyida Beeline Uzbekistan bosh direktori etib tayinlangandi. U VEON Group`dagi faoliyatini 2017-yilda Beeline Georgia rahbarligidan boshlagan. Malinovski Polshada oilasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga qaror qildi, deyiladi xabarda.
14-oktyabr kuni VEON Group bosh direktori Kaan Terzioglu Andrey Pyataxinni O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga tanishtirdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda raqamli xizmatlar bozorining o‘sishi sharoitida O‘zbekistonda texnologik infratuzilmani rivojlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish, telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.