Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi apellyatsiya instansiyasi avvalroq yumoristik klipi uchun hibsga olingan brbalo musiqiy guruhi a’zolariga nisbatan hukmni o‘zgartirdi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi 9-oktyabr kuni ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik / BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga rioya qilmaslik / BHMning 1 baravaridan 12 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan 15 sutkaga qamoqqa olish jazosi tayinlagandi.

Apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi huquqbuzarlarning harakatlarini MJTK moddalari bo‘yicha to‘g‘ri kvalifikatsiya qilgan, deb hisobladi.

“Biroq birinchi instansiya sudi Kamal Yusupov va Abror Gulyamovning ayblariga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, ularning shaxsini, oilaviy sharoitini hamda boshqa yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olmasdan, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlab, og‘irroq chora qo‘llagan”, — deyiladi sud qarorida.

Shu munosabat bilan sud apellyatsiyani qanoatlantirdi va qamoq muddatini 15 dan 6 sutkaga qisqartirdi, lekin jazoni o‘zgartirmadi. Bu ularga ozodlikka chiqish imkonini berdi.

“Xudoga shukur, biz uydamiz. Bizni qo‘llab-quvvatlaganingiz, biz bilan bo‘lganingiz uchun katta rahmat, bizda siz borligingizdan, kuchimiz borligidan juda xursandmiz. Sog‘ayishimiz uchun biroz dam olishimiz kerak. Va sizlar uchun ajoyib treklarni yaratishda davom etamiz”, — dedi Abror Gulyamov Kamal Yusupovning Instagram’ida e’lon qilingan videoda.

Bekgraund

Avgust oyi oxirida musiqachilar va blogerlardan iborat poytaxtning brbalo musiqiy guruhi yangi “Aboka 2” klipini chiqargandi (video keyinchalik o‘chirilgan). Unda chet el qo‘shiqlari o‘zbek tilida hazil ohangida ijro etilgan. Video prodyuserlari sifatida Kamal Yusupov (bloger, go.uz yumoristik loyihasi ishtirokchisi) va Abror Gulyamov (bloger, musiqachi, O‘zbekiston KVN Oliy ligasi chempioni) ko‘rsatilgan. Ilgari jamoa “Uzbekistan” va “Mokriy asfalt” kabi boshqa yumoristik kliplarni ham chiqargan.

8-oktyabr kuni Telegram kanallaridan biri mazkur klipni tanqid qilib, undan parchalar tarqata boshladi.

Videoning boshida ushbu video hazil tariqasida suratga olingani va 18 yoshdan oshganlarga mo‘ljallangani haqida diskleymer yozilgan:

“U maxsus material hisoblanib, hech kimni xafa qilish, his-tuyg‘ularini ranjitish maqsadida olinmagan. Mualliflar hech qanday harakat talab qilmaydi va hech narsa da’vo qilmaydi. Video faqat kulgili maqsadlarda yaratilgan va unda LGBT tashviqoti yo‘q. Biz tamaki mahsulotlari, alkogol va giyohvandlikka qarshimiz. Videoda haqoratli so‘zlar bo‘lishi mumkin. Yosh chegarasi 18+. Agar siz ushbu videoni tomosha qilishni davom etsangiz, rozilik bildirasiz va ogohlantirilgansiz!”

Videoda yasama soch taqqan Kamal Yusupov intim xizmatlar sohasidagi ayol obrazini aks ettiradi. Syujetga ko‘ra, Abror Gulyamov (Aboka) uni sevib qoladi, biroq keyinroq so‘ngra do‘st unga uylanayotganidan xabar topadi.

Sudga ariza bilan Qashqar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.To‘xtayev va uch nafar fuqaro murojaat qilgan. Mahalla raisi sud majlisida video odob-axloq me’yorlari va an’analarga zid ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, blogerlarning ushbu harakatlarida yoshlar, voyaga yetmaganlarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar mavjud, yoshlar tarbiyasiga e’tibor qaratish dolzarb masala bo‘lib qolgan davrda ularning ushbu harakatlari o‘sib kelayotgan yosh avlodning odob-axloqiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. MFY raisi ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni, bu kelgusida yosh avlod uchun o‘rnak va dars bo‘lishini bildirib ko‘rsatuv bergan.

Qamoqqa olish haqida xabar berilgach, ko‘plab jamoatchilik faollari sud qarorini tanqid qildi.