Navoiy shahrida noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, inspeksiyaning viloyat hududiy boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Tekshiruvda «O.P.N» MCHJ rahbari A.I. parranda yetishtirish binosida 3 dona «Innosilicon T3+» rusumli mayning qurilmalarini tarmoqqa ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Ushbu qoidabuzarliklar sababli davlat manfaatlariga 106,5 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «d» bandi (Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan, ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.