O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi ko‘magida Vengriyaning Lakitelek shahrida Alisher Navoiy byustning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi.
Qayd etilishicha, ushbu byust Vengriya-O‘zbekiston diplomatik aloqalari tarixida O‘zbekistonga bag‘ishlab Vengriyada ochilgan birinchi madaniy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu loyiha vengriyalik haykaltarosh Dyordji Lantos tomonidan amalga oshirilgan.
Ochilish marosimida Vengriya davlat parlamenti spikeri o‘rinbosari Shandor Lejak, O‘zbekiston madaniyat vaziri birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, Vengriyadagi elchi Oybek Shaxavdinov, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va boshqa madaniyat hamda san’at vakillari ishtirok etdi. Ular Navoiy byusti poyiga gulchambarlar qo‘ydi.
Shandor Lejak o‘z nutqida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qo‘llovi bilan hozirgi vaqtda Vengriyaning turkiy dunyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston bilan asriy rishtalari qayta tiklanayotganini yuqori baholadi.
“Biz bobolarimiz kindik qoni to‘kilgan yurtga hurmatimiz belgisi sifatida qardosh o‘zbek xalqining farzandi Alisher Navoiyga bag‘ishlangan byustni yurtimizda o‘rnatishdan bag‘oyatda mamnunmiz. Ushbu yodgorlik bugun venger va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi o‘chmas do‘stlikka asos soldi. Madaniy aloqalarimizdagi bugungi tarixiy voqea munosabati bilan ikki mamlakat xalqlarini samimiy qutlayman”, — deb ta’kidladi Vengriya parlamenti raisi o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun, Navoiy haykali Moskva, Dushanbe, Ostona, Tokio, Minsk, Shanxay, Seul, Boku va Anqara shaharlarida o‘rnatilgan.