Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (O‘zatom) Atom elektr stansiyasini qurish direksiyasi direktori Otabek Amanov 15-oktyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekistonda kichik AES loyihasini amalga oshirish jarayoni va obyektning boshqa tafsilotlari haqida gapirib berdi.
Eslatib o‘tamiz, AES qurilishi direksiyasi va «Atomstroyeksport» kompaniyasi («Rosatom» injiniring bo‘linmasi) O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasini (KQAES) qurish bo‘yicha shartnoma tuzgan. 330 MVt quvvatga ega KQAES (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita reaktor) Jizzax viloyatida (Tuzkon ko‘li) quriladi.
«Rosatom» stansiya qurilishining bosh pudratchisi bo‘ladi, qurilishga O‘zbekiston kompaniyalari ham jalb qilinadi.
Qurilish bosqichlari
Otabek Amanovning aytishicha, hozirda maydonda «O‘zGASHKLITI» Qurilish, geoinformatika va shaharsozlik kadastri davlat loyiha-qidiruv ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tabiiy muhit tarkibiy qismlari bo‘yicha muntazam kuzatuvlar olib borilmoqda. Jumladan, aerometeorologik, gidrologik, gidrogeologik va seysmologik tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
«Bizning maydonchamizda ham quruvchilar uchun mo‘ljallangan vaxta posyolkasida qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, qurilishning eng avjida 10 ming ishchi bo‘ladi. Bundan tashqari, atom stansiyasini loyihalash ishlarini boshladik. Ayni paytda Rossiya delegatsiyasi shu yerda bo‘lib, biz kichik quvvatli atom stansiyasining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriqni ko‘rib chiqmoqdamiz. Shuningdek, biz loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun institutlarni tanladik», — dedi u.
Bundan tashqari, atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza loyihasining texnik topshirig‘i ishlab chiqildi.
2024-yil yakuniga qadar quruvchilar uchun vaxta posyolkasi qurilishini boshlash, qurilish-montaj bazasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini boshlash rejalashtirilgan.
«Bu baza nima uchun kerak? Atom stansiyasini qurish uchun biz u yerda ta’mirlash-mexanika ustaxonalari, maxsus texnikalar uchun garajlar, armatura sexi, beton-aralashtirish uzellari qurishimiz kerak. Bu butun boshli majmua. Va biz bu ishlarni boshlamoqchimiz. Bundan tashqari, biz loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishni boshlaymiz va loyiha xavfsizligini asoslash bo‘yicha dastlabki hisobotni ishlab chiqishni boshlaymiz. Atom stansiyamizni joylashtirish uchun ruxsatnoma olishda bizga mana shu uchta hujjat kerak,» — deya tushuntirdi u.
O‘zbekiston qonunchiligi va MAGATE tavsiyalariga ko‘ra, AESni qurish uchun uchta asosiy hujjat: stansiyani joylashtirish uchun ruxsatnoma, qurilish uchun litsenziya va ekspluatatsiya qilish uchun litsenziya olish zarur.
2025-yilda TIA, atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risidagi ariza loyihasi va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni, shuningdek, vaxta shaharchasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.
«Bundan tashqari, kelgusi yil oxirida atom stansiyasini maydonchada joylashtirish uchun regulyatorimizdan ruxsat olishni rejalashtirmoqdamiz. Bundan tashqari, uzoq ishlab chiqarish sikliga ega bo‘lgan uskunalarni joylashtirish ishlarini yakunlash, ya’ni reaktorlar, turbinalar, generatorlar va boshqa yirik blokli uskunalarni [ishlab chiqarish bo‘yicha buyurtmalar] joylashtirishni rejalashtirganmiz. Reaktorning o‘zini tayyorlash 36 oydan 40 oygacha davom etadi,» — dedi Otabek Amanov.
Joylashtirish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lish uchun texnik hujjatlarni ishlab chiqish, atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha ekspertiza va jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish zarur.
2026-yil boshida energiya blokining poydevor plitasiga «birinchi beton» quyish uchun ruxsatnoma olish rejalashtirilgan.
Direksiya rahbarining ta’kidlashicha, uskunalar yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalarni o‘z vaqtida joylashtirish 2029-yil oxirigacha birinchi navbatda kichik AESni ishga tushirish imkonini beradi.
Xalqaro loyiha
Atom stansiyasi qurilishida ishtirok etish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilish rejalashtirilgan.
«Atom stansiyasi ikkita yirik komponentdan iborat — bu yadro oroli va yordamchi obyekt. Yadroviy orolni, tabiiyki, bosh pudratchimiz „Atomstroyeksport“ („Rosatom“) bilan realizatsiya qilamiz. Yordamchi obyekt xalqaro kompaniyalar ishtiroki bilan xalqaro loyiha bo‘lishi uchun qandaydir tarzda birlashtirmoqchimiz. Hozir variantlar ustida ishlamoqdamiz», — dedi Amanov.
Avgust oyida «O‘zatom» delegatsiyasi Xitoyga tashrif buyurdi va u yerda loyihada ishtirok etish istagini bildirgan ya’ni turbina uskunalari, generatorlar va quruq gradirnyalar (AES uskunalarini bug‘lantirmasdan sovutish uchun qurilma) yetkazib berishni rejalashtirgpn Xitoy kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
«Biz suv resurslariga qaram bo‘lmaslik uchun quruq gradirnyalardan foydalanishni astoydil xohlaymiz. Vengriya kompaniyalari ham bundan manfaatdor, ularda quruq gradirnyalar bo‘yicha juda yaxshi ishlar, yechimlar bor. Yevropa kompaniyalari ham, Osiyo kompaniyalari ham bizning loyihamizda ishtirok etish istagini bildirishdi», — dedi u.
Direksiya direktori yaqinda tashkil etilgan Saneg Atom kompaniyasi loyihada ishtirok etmayotganini va u bilan muzokaralar olib borilmayotganini ta’kidladi.
Moliyalashtirish
Otabek Amanov kichik AES qurilishi loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha xorijiy va mahalliy banklar bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi. «Yevropa, Rossiya banklari ham, mahalliy banklar ham bor. Chunki infratuzilmaning ayrim qismlari mahalliy pudratchilar tomonidan quriladi… Banklarning takliflari Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan kelishiladi», — dedi u.
Loyiha qiymati hozircha ochiqlanmagan.
Rosatom bilan to‘rtta shartnoma
AES direksiyasi boshlig‘ining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston «Rosatom» bilan shartnoma strategiyasi doirasida bir nechta shartnomalar tuzgan: atom elektr stansiyasini qurish, kadrlar tayyorlash, AES uchun yoqilg‘i olib kirish, stansiyani ekspluatatsiya qilish va yadroviy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha shartnomalar.
«Oxirgi kelishuvga, ya’ni ishlatilgan yadro yoqilg‘isini olib chiqishga ko‘plab xorijiy kompaniyalar rozi emas. Biz „Rosatom“ bilan ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib chiqilishi, u yerda qayta ishlanishi va ba’zi zarur komponentlar O‘zbekistonga qaytarilishi haqida kelishib oldik», — dedi u.
Yadro yoqilg‘isi uchun Rossiyada boyitiladigan mahalliy urandan foydalanish rejalashtirilgan.
«19 foiz yoki 20 foizgacha boyitilgan uran-235 oksidi ishlatiladi. Mana bu yoqilg‘i import qilinadi, lekin bir jihati bor. U mahalliy o‘zbek uranining qayta ishlangan xom ashyosi asosida ishlab chiqariladi. Ya’ni, o‘zbek urani chetga chiqariladi, tayyorlanadi, yoqilg‘i ishlab chiqariladi va qaytarib olib kelinadi. Mahalliy uran borligi sababli yoqilg‘i narxi ancha arzon bo‘ladi, deb umid qilamiz», — dedi Otabek Amanov.
Bundan tashqari, har yili 100 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassislar Moskva muhandislik-fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialida ta’lim oladi.
«Biz ushbu texnologiya bilan to‘liq tanishish uchun ikki yilga Rossiyaga 500 ga yaqin mutaxassislarni yuboramiz. Atom stansiyasining dastlabki obyektlaridan biri o‘quv markazi bo‘ladi. Keyin bu mutaxassislar yana ikki yil markazda ta’lim oladi. 2029-yilgacha 500 nafar tayyor mahalliy kadrlarni tayyorlaymiz, ular ham stansiya qurilishida ishlaydi», — dedi u.
AES — O‘zbekiston mulki
Otabek Amanov kichik atom elektr stansiyasi O‘zbekiston mulki bo‘lishini ta’kidladi.
«Ushbu stansiya to‘liq O‘zbekiston Respublikasining mulki bo‘ladi. Stansiya operator — mahalliy kompaniya tomonidan boshqariladi, ya’ni hozirda direksiyaga operator vakolatlari berilgan. Ya’ni, tegishli foydalanish litsenziyasiga ega bo‘lgan davlat operator kompaniyasi tomonidan boshqariladi», — dedi u.
Boshqa elektr stansiyalari (issiqlik elektr stansiyalari, quyosh, shamol va ko‘mir) kabi ishlab chiqariladigan elektr energiyasini «O‘zenergosotish» kompaniyasi sotib oladi va iste’molchilarga «Milliy elektr tarmoqlari» tarmoqlari orqali yetkazib beradi.
- KQAES qurilishi bo‘yicha shartnoma 27-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida AES qurilishi direksiyasi va «Atomstroyeksport» kompaniyasi («Rosatom» injiniring bo‘limi) o‘rtasida imzolangan.
- Bundan tashqari, 2018-yil 7-sentyabrda O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasini «hayotiy ahamiyatga ega» deb atadi. ««Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega», — dedi u.
- «Rosatom» stansiya qurilishining bosh pudratchisi bo‘ladi, qurilishga O‘zbekiston kompaniyalari ham jalb qilinadi.
- «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyovning ta’kidlashicha, stansiyani ishga tushirish 2029-yildan 2033-yilgacha «bosqichma-bosqich, modulli» rejalashtirilgan. Kichik AES atom muzyorarlarida foydalanilgan RITM-200N suv-suv yadro reaktorlariga ega bo‘ladi.
- Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonda mahalliylashtirishning katta ulushi bilan amalga oshiriladi. «O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirish, davlat (Rossiya) krediti masalasi muhokama qilinmaydi», — dedi u.
- 10-sentyabr kuni «O‘zatom» agentligi qoshidagi AES qurilishi direksiyasi va «Rosatom» injiniring korxonasi «Atomstroyeksport» O‘zbekistonda kichik quvvatli AES loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzoladi. Bu qurilish maydonchasida tayyorgarlik ishlarining faol bosqichi boshlanishi va loyiha hujjatlari ishlab chiqilishini anglatadi.
- Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda 2040-yilgacha yirik AES qurilishi kerakligini aytgandi.