Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktoriga Oybek Elmuratov o‘rinbosar etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. Oybek Elmuratov bungacha Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlagan.
U 1999-yilda Toshkent moliya institutini tamomlab, mehnat faoliyatini “O‘zmilliybank” Loyihani moliyalashtirish markazi mutaxassisi sifatida boshlagan.
Keyinchalik Moliya vazirligida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, ushbu vazirlikning Yo‘l jamg‘armasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Bundan tashqari, faoliyati davomida BMTning O‘zbekistondagi loyiha menejeri, “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi departamenti boshlig‘i, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida boshqarma boshlig‘i kabi qator mas’ul vazifalarda mehnat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori etib Abdulla Azizov tayinlandi. U bunga qadar “OKMK” boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Undan avval agentlikni Ulug‘bek Egamov boshqargan.
Ulug‘bek Egamovning rahbar bo‘lishi sobiq boshliq Sardor Kariyevning 2023-yilda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropi voqealari ortidan qamoqqa olinganidan so‘ng ro‘y berdi. Sud Sardor Kariyevni 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.