15-oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent viloyatida kambag‘allikni qisqartirish rejalari ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot kotibi.
Sherzod Asadovga ko‘ra, viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha hisob-kitoblar tuzilgan, ammo davlat rahbari ularni ma’qullamagan.
“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambag‘al oila qolishining o‘zi uyat”, — dedi u.
Prezident Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinlarda turganini misol qilib keltirdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga to‘g‘ri keladi, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, viloyatdagi 12 ming vakant o‘rinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, ko‘cha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish o‘rniga, ularga har yili 4 milliard so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lanmoqda, ta’kidladi davlat rahbari.
Yig‘ilishda “Sayxunobod”, “Zarbdor”, “Uychi”, “G‘ijduvon” tajribalari asosida kambag‘al aholini band qilish bo‘yicha mutasaddilar oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi masalalari bilan tizimli ishlash, chet elda mavsumiy ishlarda ishlab qaytgan va yana ketish istagida bo‘lganlarni hamda bu yil ish topa olmagan maktab bitiruvchilarini yuqori daromadli kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatning turizm salohiyatini to‘liq ishga solish, ayniqsa Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari va Angren shahrida turistik maskanlarni ko‘paytirish vazifalari belgilab olindi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi gaz va elektr energiyasining yirik iste’molchilari bo‘lgan korxonalarda energiya sarfi yuqori uskunalarni yangilash, suv nasoslarini zamonaviylariga almashtirish muhim ekanini qayd etdi.
“Viloyatning o‘sish nuqtalarini ro‘yobga chiqarish uchun viloyat xokimi, uning o‘rinbosarlari, 22 ta tuman va shahar hokimi marrani 2 baravar katta olib, tinimsiz ishlashi shartligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.