15-oktyabr kuni Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon viloyati orqali O‘sh" avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovonida harorat sovishi ortidan qor yog‘di. «Gazeta.uz» yog‘ingarchilik aks etgan tasvirlarni bir sahifaga jamladi.
O‘zgidromet matbuot xizmati haftaning birinchi yarmida Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi haqida ogohlantirish bergandi.
Xususan, seshanba tongida hududdagi ayrim joylarga tuman tushdi, havo harorati 0 darajani tashkil etdi. Avtotransport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlandi. «Qamchiq» dovoni orqali harakatlanayotgan barcha haydovchilardan ertalabdan beri ob-havo sharoitini inobatga olgan holda tezlikni me’yordan oshirmasdan, oraliq masofani saqlab harakatlanish so‘ralmoqda.
Qor yog‘ishi tushdan so‘ng ham davom etdi. Havo harorati biroz ko‘tarilib, +2 darajaga chiqdi. Yo‘l qoplamasida sirpanchiq hosil bo‘lmasligi uchun mashina-mexanizmlar yordamida yo‘l qoplamasiga qum-tuz aralashmasini sepish ishlari boshlandi.
Qamchiq dovonidagi vaziyat haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ham xabar berib, fuqarolarni barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirdi. Rasmiy manbalarga qo‘ra, hududda qor yog‘ishi davom etmoqda (soat 16:40 holatiga ko‘ra).
Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» O‘zbekistonda 14−20-oktyabr kunlari kuzatiladigan ob-havo sharhini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 16−17-oktyabr tonggi muddatlarida sovuq Sibir antitsiklonining janubi-g‘arbiy chekkasi respublikaning katta qismi uchun mavsumdagi ilk nol darajaga yaqin sovuq havo haroratni ulashadi.