Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida bir oilaning uch a’zosini qasddan o‘ldirgan sobiq IIB xodimi umrbodga qamaldi. «Gazeta.uz» sud qarori bilan tanishdi.
Qotillik 27-aprel kuni sodir etilgan. 4-oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudida fuqaro M.Sh.ga oid ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi 2022-yildan 2023-yilgacha IIB jamoat tartibini saqlash bo‘limida maxsus qabulxona navbatchilik qismi inspektori lavozimida ishlagan.
Erkak 26-aprel kuni fuqaro E.K. (ayol)ning uyiga borgan va suhbat davomida ular orasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Ayol erkakning otasi va qizini haqoratlagani sababli janjal kelib chiqqan.
Shundan so‘ng sudlanuvchi xonada bo‘lgan o‘tkir tig‘li ayollar tirnog‘ini tekislash vositasi bilan jabrlanuvchining bo‘yin, jag‘ va peshona sohalariga bir necha marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan.
Erkak o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, shovqin bo‘lgan xonaga qarab kelayotgan marhumaning o‘g‘lini ham xonadagi divanga yotqizib, o‘sha xonadagi yostiq bilan uning yuzini hamda qorin sohasidan oyoqlari bilan bir necha daqiqa zarb bilan bosib o‘ldirgan.
Sudlanuvchi shundan keyin jabrlanuvchi marhumaning onasi M.K. (ayol)ni ham o‘ldirishga qaror qilgan. U qo‘shni xonada yotgan ayolning yuziga yostiq bilan bir necha daqiqa zarb bilan bosib, uni ham qasddan o‘ldirgan. Erkak murdalar yotgan xonalarni qasddan yoqib yuborgan.
Erkak bu bilan atrofdagilar uchun xavfli usulda yashash xonadoniga 7 million so‘m zarar yetkazgan. Bundan tashqari, u E.K. va X.A, yotgan xonadan stol ustida turgan Redmi 12 rusumli telefon apparatini yashirin ravishda qo‘lga kiritgan va uyni tark etgan.
Sud hukmiga ko‘ra, M.Sh. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining «v» bandi (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik), 97-moddasi 2-qismining «v, r» bandlari (Aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan qasddan o‘ldirish), 169-moddasining 1-qismi (O‘g‘rilik) va 173-moddasi 2-qismining «b» bandida (Atrofdagilar uchun xavfli usulda mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining «v, r» bandlari bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tash belgilandi. Jazo muddati 2024-yil 27-apreldan boshlab hisoblangan.