Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati qisman cheklanadi, deya xabar bermoqda «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» kompaniyasi.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘chaning Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishmasidan Seul ko‘chasi bilan kesishmasigacha Shayxontohur tumandagi iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida ko‘chada 110 kilovattli yuqori kuchlanishli yer osti elektr uzatish kabel tarmoqlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Shu sababli 16-oktyabrdan 15-noyabrga qadar Bobur ko‘chasining ushbu qismida to‘rt chiziqli yo‘lning ikki chizig‘ida harakat cheklanadi, avtotransport oqimi esa qolgan ikki chiziqqa yo‘naltiriladi.
Kompaniya noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yuzaga kelishi mumkin tirbandliklarning oldini olish uchun haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanishlarini tavsiya qildi.