11 yildan beri Toshkentda (butun dunyoga, xususan, samolyotlar ishlab chiqarilgan joy sifatida ham tanilgan shaharda) Aviatsiya muzeyini tashkil etish g‘oyasi bilan yashab Abror Satimov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ochiq xat yo‘lladi (rus tilida).
“Gazeta.uz” Satimovning ushbu tashabbusi haqida bir necha bor yozgan edi (“Faollar ko‘plab noyob eski samolyotlarni muzey yaratish orqali saqlab qolishni taklif qilmoqda”, — 2023-yili; “O‘zbekistonda mintaqadagi yagona aviatsiya muzeyini ochish mumkin edi. Ochilarmikin?”, 2024-yili).
Boy samolyotsozlik tarixiga, saqlab qolingan unikal, ayrimlari esa o‘z yo‘nalishida yagona hisoblangan samolyotlarga ega bo‘lgan, shuningdek, turizmni (jumladan, uning tarixiy, harbiy, gastronomik va boshqa turlarini) rivojlantirishga e’tibor qaratayotgan O‘zbekiston hali ham o‘zining aviatsiya muzeyini tashkil qilmagan, vaholanki, bunday muzey mintaqada yagona bo‘lur edi.
“Ochiq xat yozishga birdan qaror qilganim yo‘q, — deydi Abror Satimov „Gazeta.uz“ bilan suhbatda. — Bu masalani hal qilish uchun 11 yil davomida turli bo‘g‘inlarda urinishlar bo‘ldi. Biz turli shaharlar va Toshkent shahri tumanlari hokimliklariga, korxona va tashkilotlarga murojaatlar qildik. Aksariyat hollarda bizning g‘oyamiz jiddiy qabul qilinmadi, boshqalar esa muzey tashkil etish bahona samolyotlarni yo‘q qilish va bundan moddiy foyda olish uchun mendan foydalanishdi. Viloyatlardagi samolyotlar ham egasizlikdan xavf ostida, asta-sekin vayron bo‘lyapti”.
Toshkentdagi sobiq uchish-sinov majmuasi (“Sharqiy” aerodromi)da ko‘p yillardan beri eski samolyotlar va ularning qismlari saqlab kelinadi. Aerodromda rekonstruksiya ishlari boshlanganidan so‘ng, bu uchoqlarning taqdiri noma’lum bo‘lib turibdi. Bu samolyotlar va ularning ehtiyot qismlari Aviatsiya muzeyini ochish uchun asos vazifasini o‘tagan bo‘lur edi.
O‘zi murojaat qilgan idora va tashkilotlardan javob ololmagan Abror Satimov bu vaziyatda yagona yechim sifatida davlat rahbariga ochiq xat yozishga qaror qildi. “Xatim yetib borib, muzeyni tashkil etish haqida qaror qabul qilinishiga juda ham umid qilib qolaman. Bu qaror mamlakat tarixi va kelajagi uchun juda katta ahamiyatga ega”, — dedi u.
Ochiq xat
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
O‘sib borayotgan yosh avlod orasida ilmiy-texnikaviy siyosatni ishlab chiqish, shuningdek, madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash, mustaqil O‘zbekistonning milliy aviatsiyasini rivojlantirish va shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalaringizni amalga oshirish maqsadida Toshkent shahrida Aviatsiya muzeyini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishingizni so‘rayman.
Toshkentdagi Aviatsiya muzeyi g‘oyasi bundan 11 yil avval ilgari surilgan va shu kunga qadar uni amalga oshirish uchun urinishlar qilib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida Aviatsiya muzeyi g‘oyasi o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Sharqiy aerodromda rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan hozirgi damda esa Toshkentda Aviatsiya muzeyini tashkil etish masalasi o‘zining ortga qaytmas nuqtasiga yetib keldi, deb hisoblaymiz. Chunki muzeyga qo‘yilishi reja qilingan potensial ekspozitsiyaning 80 foizi aynan shu aerodrom hududida joylashgan. Rekonstruksiya ishlari sabab samolyotlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi.
Toshkentdagi Aviatsiya muzeyi yosh avlodning texnika va aviatsiyaga, shuningdek, texnik fanlarga bo‘lgan qiziqishini shakllantirish uchun katta turtki bo‘lib xizmat qilgan bo‘lur edi. Bu esa hozirda mamlakatimizda juda tez rivojlanayotgan aviatsiya sohasiga yetishmayotgan kadrlarini tayyorlash uchun zamin hozirlash imkonini beradi.
Muzeyda statik ekspozitsiyadan tashqari yoshlarning samolyotlarni ta’mirlash, aviamodellarni tayyorlash va uchirish kabi turli texnik jarayonlarda bevosita qatnashishini, meteorologiya, geografiya, navigatsiya, astronomiya, materialshunoslik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari va sohaga aloqador boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda bilim olishini ta’minlaydigan ko‘plab imkoniyatlar bo‘ladi.
Men, zamonaviy geosiyosiy voqelikni hisobga olgan holda, uchuvchisiz samolyotlar va dronlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun asosiy bilimlar manbai — aviamodel to‘garaklari ekanini ta’kidlashni istardim. Hozir aviamodel to‘garaklari har qachongidan ham dolzarb. Kichik va o‘ta kichik uchuvchi qurilmalar — aviamodel to‘garaklaridagi mashg‘ulotlar asosidir.
Shavkat Miromonovich,
11 yil davomida Toshkentdagi Aviatsiya muzeyi g‘oyasi bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi va to‘ldirildi. Barcha zamonaviy tendensiyalar, ijtimoiy jihatlar, loyiha o‘zini moliyaviy qoplashi, mustaqil faoliyat ko‘rsata olishi va boshqa ko‘plab jihatlar hisobga olindi.
O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha chaqiriqlaringizdan kelib chiqib aytish mumkinki, bunday muzey mamlakatimizning diqqatga sazovor turistik obyektlaridan biriga aylanadi. Sizning ko‘rsatmangiz asosida mamlakatda spottingni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan beri Toshkentda o‘tkazilgan rasmiy va norasiy tadbirlarga turli davlatlardan yuzlab spotterlar kelib, qatnashdi.
Bundan tashqari, muzey aviator sayyohlarni jalb qilish uchun ham ulkan imkoniyatlar taqdim etadi. Masalan, Fransiya janubida joylashgan Tuluza shahridagi “Aeroskopiya” aviatsiya muzeyiga yiliga 200 mingga yaqin mehmon tashrif buyuradi. Markaziy Osiyoda aviasozlikka bag‘ishlangan birorta ham muzey mavjud emasligi inobatga olinsa, Toshkent Aviatsiya muzeyi mintaqada yagona bo‘ladi.
Muzey uchun joy tanlangan, bundan tashqari muzeyning loyiha-rejasi va 3D-modeli mavjud. Loyihaning dastlabki hisob-kitoblari qilingan. Taxmin qilinayotgan joy Olimpiya shaharchasi va Sharqiy aerodrom oralig‘ida, mahallalar tarafda joylashgan bo‘lib, na Sharqiy aerodrom, na Olimpiya shaharchasiga faoliyatiga xalal beradi. Aksincha, u Yangi Toshkentning gavjum joylaridan biriga aylanib, mahalliy aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratadi.
Bu joy bekorga tanlanmagan. Bunday muzeylarni tashkil etishdagi eng asosiy va muhim masala — samolyotlarni muzey hududiga tashishdir. Agar muzey hududi taklif etilayotgan joyda ochilsa, buning uchun samolyotlarni Sharqiy aerodromning qurilayotgan uchish-qo‘nish yo‘lagidan foydalangan holda shatakka olib, tortib olish kifoya, bunda eksponatlarni tashish uchun deyarli xarajat qilinmaydi. Demontaj, uzoq masofaga tashish va yana qayta yig‘ish texnik jihatdan juda murakkab ish bo‘lib, katta moliyaviy va logistika xarajatlarini talab etadi. Turgan samolyotlarning og‘irligi 30 tonnadan 60 tonnagacha. Shahar infratuzilmasi ularni tashishga imkon bermaydi.
Bunday joylashuvning yana bir muhim jihati masalaning tarixiy tomoni bilan bog‘liq. 1950-yillardan to aviazavodi yopilguniga qadar, Toshkent aviatsiya zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan samolyotlar aynan shu aerodromdan havoga ko‘tarilgan. Muzeyning “qadrdon” aerodromga yaqin joyda joylashishi uni tom ma’noda muqaddaslashtiradi.
Muzey sovet, postsovet va zamonaviy davr ekspozitsiyalarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, muzey hududida:
- aviamodel to‘garagi;
- texnik kutubxona;
- mini kinozal;
- aviatsiya mavzusidagi kafe;
- bolalar maydonchasi;
- eksponatlarni ta’mirlash uchun to‘liq angar;
- o‘quv xonalari;
- ob-havo stansiyasi;
- astronomik kuzatuvlar uchun platforma;
- parvoz simulyatorlari
va yana boshqa ko‘plab narsalar bo‘ladi.
Muzey nogironligi bor, imkoniyati cheklanganlar uchun ham qulay, to‘siqsiz muhitga ega bo‘ladi. U yashil maydonlari keng, shahar shovqini va tutunidan uzoqda joylashgan ajoyib jamoat joyiga aylanadi.
Muzey poytaxtning eng yuqori darajadagi rasmiy mehmonlari ham tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan asosiy obyektlardan biri sifatida faoliyat yuritishi ham mumkin.
So‘nggi yillarda samolyotlarni hokimlik binolari oldiga yoki shahar maydonlari va bog‘lariga yodgorlik sifatida o‘rnatish ommalashdi. Bu, umuman olganda, yomon tashabbus emas. Ammo uning amalga oshirilishi, afsuski, juda past saviyada kechmoqda.
Mahalliy ma’muriyatlar odatda yodgorlik-samolyotlarni lozim darajada saqlab turish uchun zarur mablag‘ va vaqtga ega emas. Oqibatda eksponatlarning ahvoli juda yomonlashyapti. Eng xavflisi, bolalar bunday avariyaviy samolyotlar ostida o‘ynaydi, vaholanki, bu ularning hayoti va sog‘lig‘iga tahdiddir. O‘zbekiston hududida joylashgan har bir samolyot mamlakat tarixi, uning himoyasi va shakllanishi bilan bog‘liq o‘z tarixiga ega bo‘lsa-da, yodgorlik haqida hech qanday lavhachalar, hikoya va ma’lumotlar yo‘q.
Uchtepa tumani hokimligiga yodgorlik sifatida sovg‘a qilingan, operatsiya xonasiga ega bo‘lgan ikkita noyob tibbiy samolyotlardan biri — An-26M ana shunday misollardan biridir. U hokimlikka topshirilgan vaqtda deyarli parvoz qila oladigan holatda edi. Oradan bir yarim yil o‘tib, samolyot qismlari shikastlangan, ba’zi narsalari esa yechib olingan. Bu samolyot haqida maqola chop etilgach, hokimlik samolyotni bir kun ichida bayroq ranglariga bo‘yadi va derazalarni metal bilan yopdi. Afsuski, samolyotning holati avvalgidan ham yomonroq ko‘rinishga keldi.
Yana bir misol — Urganch shahar bog‘idagi Mi-8 vertolyoti. U boshdan oyoq bir xil rangli bo‘yoq bilan bo‘yab tashlangan.
Andijonda turgan, kamyob hisoblangan Tu-124 samolyoti esa mahalliy aholi tomonidan asta-sekin metallolom uchun tashib ketilmoqda.
Angrendagi Yak-40 samolyoti esa mahalliy aholi tomonidan yoqib yuborilgan.
Afsuski, bunday misollar kam emas.
Ishonch bilan ayta olamanki, bunday achinarli ahvolda turgan yodgorlik samolyotlari yosh avlodda na vatanparvarlik, na tarixga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otmaydi va ularni bunday ruhda tarbiyalashga xizmat qilmaydi.
Muzey esa barcha samolyot va vertolyotlar qo‘riqlanadigan va parvarish qilinadigan noyob makonga aylangan bo‘lur edi, u bolalar va boshqa mehmonlarga texnikaga qiziqish, eksponatlarni asl shaklida ko‘rib, o‘rganish imkonini beradi. Muzey faoliyatida, unda o‘tkaziladigan tanlovlarda qatnashib, vaqtni mazmunli va foydali o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bunday muzey yuqori darajadagi ijtimoiy obyektga aylangan bo‘lur edi.
Shavkat Miromonovich,
maktubimni yakunlar ekanman, o‘z nomimdan va mamlakatning yuzlab boshqa aviatorlari nomidan Sizdan ushbu noyob samolyot va vertolyotlarni kelajak avlod uchun saqlab qolishga yordam berishingizni iltimos qilib so‘rayman! Ularni Vatanimiz tarixining bir qismi sifatida saqlab qolishga yordam bering! Biz o‘z tariximiz bilan faxrlanamiz va farzandlarimiz ota-bobolari boshdan kechirgan qiyinchiliklarni va kelajak uchun munosib natijalarga erishganliklarini bilishlarini istayman!
Siz Toshkentdagi Aviatsiya muzeyi loyihasini amalga oshirish uchun bizning eng katta va eng so‘nggi imkoniyatimizsiz! Bu loyihani amalga oshirish uchun esa, eng muhimi, hamma narsa — loyiha rejasi, aviatsiya tariximiz va muzeyni yaratish uchun baza bor.
Hurmat bilan,
Abror Satimov,
“TAPOiCh” DAJning sobiq xodimi, aviamodelchi, aviatexnik, o‘qituvchi, restavrator, aeronavigatsiya bo‘yicha mutaxassis.