Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosarlari Botir Alimbekov va Erkin Muhitdinov ishdan olindi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent viloyatidagi samarasiz 2 ming 200 gektar bog‘ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yo‘qotilayotgani ta’kidlandi. Suv tejovchi texnologiya bo‘yicha viloyat eng oxirgi o‘rinlarda bormoqda.
Bu borada viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Botir Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda viloyatda kambag‘allikni qisqartirish rejalari ko‘rib chiqildi. Prezident viloyatda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha hisob-kitoblarni ma’qullamadi.
Qayd etilishicha, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish o‘rniga, ularga har yili 4 milliard so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lanmoqda. Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Botir Alimbekov 2021-yilning 30-yanvaridan Chinoz tumani hokimi etib tayinlangan. Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xolmirza Niyozov ishdan bo‘shatilgach, Alimbekov o‘rinbosar lavozimiga qaytgan.
Erkin Muhitdinov esa 2024-yil 20-may kuni Toshkent viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan. 2023-yil avgust oyidan beri Ohangaron tumaniga hokimlik qilib kelayotgandi. Muhitdinovning o‘rnini viloyat hokimi yordamchisi Doniyor Madirimov egallagan.