O‘zbekiston Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakillaridan chegara yaqinidagi «Termiz» xalqaro savdo markazida konsertlar va musiqa jo‘rligidagi tadbirlarni bekor qilish to‘g‘risida so‘rov olmagan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, Afg‘onistonning Atlas Press xususiy nashri manbalarga tayanib, «Tolibon» O‘zbekiston rasmiylariga shunday so‘rov yo‘llagani va bu talab bajarilmasa, Afg‘oniston fuqarolariga ushbu savdo maydoniga tashrif buyurishni taqiqlash bilan tahdid qilgani haqida xabar bergan edi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, majmuaga tashrif buyuruvchilar uchun musiqiy dasturlar o‘tkazilib, o‘zbekistonlik san’atkorlar kechki konsertlar bilan chiqish qilgan.

Avgust oyi oxirida Afg‘oniston bilan chegarada «Termiz» xalqaro savdo markazi ochildi. Erkin savdo zonasida to‘lov sifatida AQSH dollari, yevro, rubl va yuanni qabul qilishga ruxsat beriladi. U yerda maxsus yo‘lak orqali kirish vizasini rasmiylashtirmasdan 15 kungacha kirish tartibi amal qiladi, ya’ni Afg‘oniston fuqarolari ushbu markazga O‘zbekiston vizasini olmasdan tashrif buyurishlari mumkin.