Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev 15-oktyabr kuni Toshkentda xalqaro konferensiya doirasida Umra litsenziyasining yangi shartlari haqida «Kun.uz»ga kichik intervyu berdi.
1 million dollar rekvizitga qo‘yish sharti haqida
«Bu katta miqdor emas. Xabaringiz bo‘lsa kerak, bunga qadar 100 ming dollar qo‘yish [majburiyati] bor edi. O‘shanda 15 mingga yaqin fuqarolarimiz Saudiya Arabistonida qolib ketdi, ularning hammasi hukumat tomonidan olib kelindi. Bu haqda biror marta yoritmadingiz… Demoqchimanki, agar 1 million dollar rekvizitga qo‘yiladigan bo‘lsa, havo yo‘llarini 600 dollardan hisoblaydigan bo‘lsak, u yerdagi mehmonxonalar va boshqa xizmatlarning hisobini olsak bu ham [1 million dollar] ming kishiga yetyapti. O‘sha 15 ming kishi bilan muammo bo‘lganida, qo‘yilgan 100 ming dollarga 100 kishini ham qaytarib olib kelishga imkoniyatimiz yo‘q edi», — dedi Toshboyev.
Uning ta’kidlashicha, bu shart ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinyapti.
«Biz monopoliya qilayotganimiz yo‘q, bu yerda [shartlarni bajarishga] salohiyati bor 10 ta bo‘ladimi yoki 15 tami, turfirmalarning hammasi o‘tadi. Bu degani bitta Musulmonlar idorasi yoki 4−5 ta firma qoladi degani emas. Bugun tanlovni e’lon qilyapmiz, 15 kun ichida turfirmalarni ajratib olamiz. Balki 15 ta bo‘lar, balki 20 ta kimning imkoniyati bo‘lsa, o‘shalarni qo‘yamiz. Qimmatlashish bo‘lmaydi, sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘ladi», — dedi qo‘mita raisi.
«Faqat moliya bilan bog‘liq narsa emas»
«Oldingi safar 77 firmaga litsenziya bergan bo‘lsak, yana qanchasi noqonuniy faoliyat yuritgan. Na litsenziyasi bo‘lgan, faqat turfirma ochib qo‘ygan. Uyoqqa olib borganda sharoitlarni o‘zingiz ko‘ryapsiz. Maqsadimiz monopoliya qilish yoki boshqa emas. Rahmat deyishimiz kerak, oldinlari faqat bir yilda 2 marta fuqarolarimiz Umra qilolgan. Hozirgi kunda 560 mingga yaqin fuqarolarimiz Umraga borib keldi. Borsin, hamma borsin, lekin u yerda sifatli xizmat ko‘rsatishimiz kerak. Tibbiyoti bo‘lsin, ellikboshisi ham», — dedi Sodiqjon Toshboyev.
«U yerga borgan fuqarolarimizni kimga topshiryapmiz? O‘zimiz ellikboshi berayotgan edik. Keyingi vaqtda, mana, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ryapmiz, u yerga borganlarning g‘oyaviy «ishlovi» qanaqa bo‘ladi? Bizning «umrachi»larimizga kim xizmat ko‘rsatyapti? Agar ularga o‘qigan, diniy soha xodimlari [hamrohlik qilib] boradigan bo‘lsa… qaytib kelganidan keyin g‘oyaviy jihatidan ham to‘g‘rilashning imkoni qiyin bo‘lib boryapti. Faqat moliya bilan bog‘liq narsa emas-da bu», — dedi u.
Umra ziyoratiga mustaqil borish haqida
«Bu bemalol, hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Nusuk degan Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligining dasturi bor, [yoki onlayn turistik viza] uydan o‘tirib, olib boraversin, xohlasa. Xohlasa, Dubay yoki Turkiya orqali, xohlasa to‘g‘ridan to‘g‘ri reysda borsin. Bunga hech qanday qarshilik yo‘q. Uyingizdan o‘tirib bemalol olaverasiz, Saudiya Arabistoni ham buni bemalol ochib qo‘ygan. Faqat fuqarolarimizda tushuncha noto‘g‘ri bo‘lyapti», — dedi rais.
Eslatib o‘tamiz, Umra ziyoratini tashkil etib beruvchi turfirmalar uchun 5 oktyabrdan quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:
- ziyoratchilarga guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
- shtatida diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;
- voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
- 1 mln dollar miqdordagi mablag‘ni «Ziyorat» jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
- o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
- ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat Umra vizasini rasmiylashtirish (qolgan vizalar bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi);
- ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
- Umra xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
- Umra xizmatini litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik.
Bundan tashqari, Umra xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish kerak.
Shu bilan birga, ziyoratchilarga Umra amallarini bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli Umra xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish lozim.