Toshkent shahrining Mirobod tumani Shahrisabz ko‘chasidagi avval Miran mehmonxonasi joylashgan, hozirda rekonstruksiya qilinayotgan binoning tom qismidagi yong‘in o‘chirildi, deb xabar qildi FVV matbuot xizmati.
Voqea joyiga birinchi yong‘in-qutqaruv guruhi soat 17:24 da yetib keldi. Yong‘inni o‘chirishda jami 14 nafar ekipaj ishtirok etdi. Soat 18:19 da yong‘in mahalliylashtirilib, 19:16 da o‘chirildi.
Yong‘in oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Holatni bartaraf etish jarayoniga Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev boshchilik qildi. Toshkent shahri hokimligining xabar berishicha, voqea joyida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov, FVB, IIBB, Milliy gvardiya va Toshkent prokuraturasi rahbarlari ham ishlagan.
Hozirda yong‘in sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Accor xalqaro mehmonxonalar guruhi O‘zbekistonda uchta yangi premium mehmonxona ochishni rejalashtirayotganini e’lon qilgan edi. Ulardan biri Swissôtel Tashkent brendi ostida Miran International mehmonxonasi bazasida rekonstruksiya qilinganidan keyin ochiladi. Tugatish muddati 2023-yilning uchinchi choragiga rejalashtirilgan edi.