10−15-oktabr kunlari Shahrisabz va Xiva shaharlarida “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab havo sharlarida” festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qo‘mita matbuot kotibining “Gazeta.uz”ga aytishicha, Shahrisabzdagi Oqsaroy maydoni hamda Xivadagi Ichan-qal’a majmuasida tashkil etilgan festivalda jami 20 ta havo shari uchirilgan. Havo sharlari 500 metrdan 900 metrgacha bo‘lgan balandlikka ko‘tarilgan.
Qayd etilishicha, “Musaffo osmon” shiori ostida o‘tkazilgan xalqaro havo sharlari festivalida Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Rossiya, Fransiya va Shveysariyadan tashrif buyurgan aeronavt sportchilar ishtirok etib, ular ham Shahrisabz va Xiva osmoniga ko‘tarildi. Ular orasida havo sharida 117 davlatda parvoz qilgan yagona ayol Elli Danington ham bor. Germaniyalik uchuvchi Elli Danington Xiva uzra parvoz qilib, o‘zining dunyo rekordini yangiladi: O‘zbekiston u parvoz qilgan 118-davlat bo‘ldi.
“O‘zbekiston hukumati mamlakatda ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilmoqda. Shu munosabat bilan Elli Danington ayol-uchuvchilar uchun maktab ochishni rejalashtirmoqda. Festival aeronavtika sohasini alohida turizm va dam olish yo‘nalishi sifatida rivojlantirishga yangi turtki bo‘lishi, shuningdek, sayyohlar uchun xizmatlarni xilma-xil qilishga yordam berishi kutilmoqda”, — deyiladi qo‘mita axborotida.
Ta’kidlanishicha, ushbu tadbirlar mamlakatning noyob madaniyati va an’analarini namoyish etish, shuningdek, aeronavtlar va havo sharlariga qiziquvchilar o‘rtasida xalqaro muloqot va tajriba almashish uchun platforma yaratadi.
Foto
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasini qo‘ygan edi. Davlat rahbari mamlakatda Turkiya Kappadokiyasi misolida havo sharlari hududini yaratishni, Mo‘ynoq aeroportida parashyutdan sakrash tizimini yo‘lga qo‘yish mumkinligini aytgandi. Ekologiya, transport va mudofaa vazirlariga ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilish topshirilgan edi.