Rossiyaning Irkutsk va Omsk viloyati gubernatorlari bir qator iqtisodiyot tarmoqlariga patent asosida ishlaydigan xorij fuqarolarini jalb etishga cheklovlar joriy qilish bo‘yicha farmon chiqardi. Bu haqda gubernatorlar farmoniga tayanib, Spot xabar bermoqda.
O‘zgarishlar 2025-yilda kuchga kiradi va mintaqa iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga ta’sir qiladi. Ushbu qadam chet ellik ishchilar sonini tartibga solish va mahalliy fuqarolarni ish bilan ta’minlash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan, deyiladi xabarda.
Farmonga ko‘ra, xorijiy fuqarolarga quyidagi sohalarda ishlash taqiqlanadi:
o‘rmonchilik va o‘rmon xo‘jaligi faoliyati;
dori vositalari va veterinariya mahsulotlarini ishlab chiqarish;
yog‘och, oziq-ovqat, alkogol va tamaki mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi;
yo‘lovchi tashish, shu jumladan, taksilar;
geologik qidiruv va yer qa’rini o‘rganish;
bolalarni parvarish qilish bo‘yicha ta’lim va xizmatlar.
Taqiqlar 2025-yil davomida amal qiladi va shahar va shahar atrofidagi aloqalarga ta’sir qiladi. Tegishli faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar berilgan patentlarning amal qilish muddati tugagunga qadar xorijiy ishchilar sonini yangi standartlarga muvofiqlashtirishlari shart.
Xuddi shunday taqiq 15-oktabr kuni Omsk viloyati gubernatori tomonidan ham imzolangan.
Unda keltirilishicha, xorijiy fuqarolar yo‘lovchi tashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, savdo, dori vositalari ishlab chiqarish, ov qilish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda mehnat migrantlarini patent bilan ishga jalb qilish taqiqlanadi. Hujjat 2025-yil 1-martdan kuchga kiradi.
hh.ru so‘roviga ko‘ra, rossiyaliklarning 80 foizi o‘z mintaqalarida juda ko‘p muhojirlar yashaydi, deb hisoblaydi. Yil davomida bu javobni berganlar ulushi 21 foiz punktga oshgan. Ko‘pincha to‘rtta faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha respondentlar shunday javob berishdi: transport va logistika (92%), avtobiznes (91%) va qurilish (85%), deb yozmoqda Spot.