Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev BRIKSga qo‘shilish taklifini oldi, biroq mamlakat “yaqin kelajakda” tashkilotga murojaat qilishdan tiyiladi. Bu haqda Qozog‘iston rahbari matbuot kotibi Berik Uali Tengrinews.kz`ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli takliflar Qosim-Jomart Toqayev tomonidan “diqqat bilan ko‘rib chiqilmoqda” va uning topshirig‘iga ko‘ra “Qozog‘iston milliy manfaatlari nuqtai nazaridan” tahlil qilinmoqda.
“Shu bilan birga, hozirda va, ehtimol, yaqin kelajakda Qozog‘iston, shu jumladan, a’zolik masalasini ko‘rib chiqishning ko‘p bosqichli jarayoni, shuningdek, ushbu assotsiatsiyaning rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liq boshqa masalalarni hisobga olgan holda, BRIKSga ariza berishdan bosh tortadi”, — dedi Uali.
Toqayev matbuot kotibining qayd etishicha, Qozog‘iston prezidenti “barcha dolzarb xalqaro muammolar, shu jumladan, adolatli dunyo tartibini qurish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan va muhokama qilinishi lozim bo‘lgan universal va muqobili bo‘lmagan tashkilot sifatida” BMTga ustuvor ahamiyat qaratadi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “BMT kamchiliklardan xoli emas, lekin boshqa bu kabi tashkilot yo‘q”.
Shuningdek, Toqayev matbuot kotibi Qozog‘iston prezidentining 22−24-oktabr kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan BRIKS sammitida ishtirok etish rejalarini tasdiqladi, u tashkilotning “autrich” formatidagi kengaytirilgan yig‘ilishida nutq so‘zlamoqchi.
- BRIKS — 2006-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan davlatlararo birlashma. Ittifoq bu mamlakatlar (Brazil, Russia, India, China) nomlarining bosh harflari bo‘yicha nomlangan. 2010-yilda Janubiy Afrika qo‘shilganidan so‘ng, ittifoq BRIKSga aylandi.
- 2023-yil avgust oyida Qosim-Jomart Toqayev “BRIKS plyus” yig‘ilishida Qozog‘iston “BRIKS salohiyatini rivojlantirishga a’zo davlat sifatida hissa qo‘shishni xohlashini” aytib, ittifoqqa qo‘shilishdan manfaatdor ekanini bildirgandi.
- 2024-yil yanvar oyida Misr, Eron, Saudiya Arabistoni, BAA va Efiopiya tashkilotga qo‘shilgan. O‘tgan yilning avgust oyida Ozarbayjon ittifoqqa a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan.