O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni Toshkent viloyatida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida tashqi mehnat migratsiyasi masalasiga alohida to‘xtaldi.

“Har safar bu yerga kelganimizda har bir shahar va tuman rivoji nima bo‘ladi, nimalarga e’tibor berishimiz kerak, degan ko‘ndalang savol turadi. Bugun sizlar bilan uchrashuvimdan maqsad — Toshkent viloyati tajribasi nuqtai nazaridan Toshkent tumani misolida ishsizlikni yo‘q qilish, chet elda bo‘lganlarni qaytarish, viloyatda bo‘lgan 62 ming aholini kambag‘allikdan chiqarishni menga aytib berishdi”, — dedi davlat rahbari. (O‘zbekiston 24 telekanali lavhasiga ko‘ra).

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Toshkent viloyatining 157 ming nafar aholisi xorijda bo‘lib turibdi.

“Mening eng katta maqsadim, agar ular 1500−2000 dollar olsa, bu nur ustiga a’lo nur, biz ularga ko‘makchi, yelkadosh bo‘lamiz. Lekin undan kam oylik olsa, o‘zimizda sharoit yaratib ishlatsak, o‘ylaymanki, ana shunda adolatli tizim bo‘ladi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 4-apreldagi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat migrantlariga xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanishi mumkin (basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda). Qolaversa, chet elda qiyinchilikka duch kelganlar yordam olishlari mumkin. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasidan mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 25 foizga oshib, 6,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Markaziy bankning dastlabki prognozlaridan 2 barobar ko‘pdir. AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya va Polshadan tushumlar keskin oshdi. Rossiyaning ulushi pasayishda davom etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida 100 ming nafarga yaqin fuqaroni tashkiliy ishga qabul qilish orqali xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish uchun o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Keyinchalik, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniya, shuningdek, Janubiy Koreya, Polsha, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda ishlash uchun 50 ming bo‘sh ish o‘rinlari uchun qabul e’lon qildi. Bu borada mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va o‘qitish bo‘yicha ham yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda.

Sentabr oyida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi. Hujjat malakali mutaxassislar, jumladan, talabalar va professional ta’lim olayotgan shaxslar, shuningdek, ikki mamlakat hududida ishlashga intilayotgan jurnalistlar va olimlarning haqqoniy mobilligini rag‘batlantirishni nazarda tutadi.