14-oktabr kuni E-auksion orqali “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining Toshkent shahridagi ofis binosini sotish bo‘yicha savdo-sotiq o‘tkazildi.
Auksion 13 daqiqa davom etdi va bitta taklifdan so‘ng yakunlandi. Tender g‘olibi Pozitive Leader Partner kompaniyasi bo‘lib, u lot uchun 100,37 milliard so‘m taklif qildi. Bu boshlang‘ich narxdan (93,6 milliard so‘m) 5 foiz yuqori edi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Pozitive Leader Partner 2013-yil iyul oyida Toshkent shahrining Mirobod tumanida ro‘yxatdan o‘tgan, ammo kompaniya veb-saytida u O‘zbekiston bozorida 2002-yildan beri faoliyat yuritayotgani aytiladi. Asosiy faoliyat turi — fasad ishlari, fasad-parda va profil tizimlari, PVX tizimlari, eshik tizimlari, keramik plitalar bo‘yicha turli xil xizmatlar ko‘rsatish. Loyihalar orasida Innovatsion rivojlanish vazirligi, Mega Planet savdo markazi, UzOman investitsiya fondi, Milliy olimpiya qo‘mitasi binolari va boshqalar ko‘rsatilgan.
Ta’sischilar — Shavkat Ochilov (50%), u korxonaga rahbarlik ham qiladi va Raushaniya Xalyapova (50%).
Spot xabariga ko‘ra, Yakkasaroy tumanidagi besh qavatli bino Vazirlar Mahkamasining qarori bilan avgust oyida savdoga chiqarilgan. Obyekt Do‘stlik bog‘i va O‘zbek tili va adabiyoti universiteti yonidagi 22 sotix maydonda joylashgan.
Binolarning umumiy maydoni 5903 kvadrat metrni tashkil etadi. Barcha kommunikatsiyalar — gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya mavjud.
May oyida Xalq bankining Toshkentdagi Qatortol bozori yonidagi bosh ofisi binosi qariyb 120 mlrd so‘mga sotildi. Auksiondagi yagona taklif Oazis Samarkand umumiy ovqatlanish kompaniyasi tomonidan taqdim etildi.