Toshkent viloyati uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z bordi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Zoyir Mirzayev, xususan, viloyat ma’muriy markazi — Nurafshon shahrini viloyatning barcha shahar va tumanlari bilan bog‘laydigan yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish uchun avtotransport vositalari xarid qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Nurafshon yangi tashkil etilgan liniyalar uchun logistika markaziga aylanadi. Viloyat transport boshqarmasi marshrutlarni rejalashtirish uchun aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazadi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosi ham muhokama qilindi. Asosiy masala kambag‘allikni kamaytirish va mehnat migrantlari bilan ishlash edi, endi ular mahalliy hokimiyatlar uchun ustuvor vazifaga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari: “Agar ular 1500−2000 dollar olsa, bu nur ustiga a’lo nur, biz ularga ko‘makchi bo‘lamiz. Lekin undan kam oylik olsa, o‘zimizda sharoit yaratib ishlatsak, o‘ylaymanki, adolatli tizim bo‘ladi”, — deb ta’kidlagandi.
Zoyir Mirzayev rasmiy hisobotlardan voz kechib, real amaliy natijaga erishish muhimligini ta’kidladi. U viloyat shahar va tumanlari hokimlari oldiga har kuni kamida 20 nafar migrant bilan onlayn muloqot qilish vazifasini qo‘ydi.
Shuningdek, viloyatda migrant ayollarni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha shtab tashkil etilib, unga hokimning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva rahbarlik qiladi. Mazkur shtab xorijdagi vatandoshlarning mehnat sharoiti, ijtimoiy-huquqiy muammolarini o‘rganadi. Ularning xohishlariga ko‘ra, xotin-qizlarning O‘zbekistonga qaytishi va ishga joylashtirilishi choralari ko‘riladi.