O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov 2026-yilgi Jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasidagi BAAga (1:0) qarshi o‘yindan so‘ng o‘z jurnalistlarning savollariga javob berdi.

So‘zboshida Shukurov JCH bosimi sabab o‘yin qiyin bo‘lganini ta’kidladi.

“Juda ham xursandmiz. Alhamdulillah 3 ochko oldik. Juda ham qiyin o‘yin bo‘ldi. [Jahon chempionati saralashi] bosimi barcha guruhlardagi jamoalarga ta’sir qilmoqda. Juda ko‘p vaziyat yaratyapmiz, lekin ulardan foydalana olmayapmiz, shu sabab sal qiyinroq o‘yin bo‘ldi. Nima bo‘lgan taqdirda ham 3 ochkoni qo‘lga kiritdik. Biz faqat natija uchun o‘ynayapmiz. Har bir ochko bizni Jahon chempionatiga yaqinlashtiradi. Muxlislarga katta rahmat. Qo‘llab-quvvatlashda va duo qilishda davom eting. Inshaalloh, jahon chempionatiga chiqamiz”, — dedi Shukurov matbuot anjumani avvalida.

Jurnalistning murabbiy yo‘qligi o‘yinga ta’sir qilishi yoki qilmasligi haqidagi savoliga Otabek quyidagicha javob berdi.

“Albatta, ta’sir ko‘rsatadi. Lekin penalti bo‘lmaganda unday bo‘lardi, bunday bo‘lardi deyish [noto‘g‘ri], ko‘p narsa bo‘lishi mumkin edi. O‘tgan safar Eron bilan durang o‘ynaganimizda ham [tanqid qilishdi]. To‘g‘ri ular 1 kishi kam qoldi, lekin nima bo‘lganda ham u Eron. Har doim jahon chempionatiga chiqqan jamoa. Jahon reytingda ham 20-o‘rin atrofida bo‘lsa kerak, biz-chi? 60-pog‘onadamiz. Eron qizil olgunicha bizga gol urdimi yoki oxirgi ikki o‘yinda bizni yutdimi? O‘sha narsalarga ham ozroq e’tibor berish kerak”, — dedi Shukurov.

Otabek Shukurov maqsad chiroyli o‘yin emas, natija ekanini qayd etdi.

“Jurnalistlar tomonidan faqat negativ bo‘lyapti. Shu narsani tushunish kerakki, biz faqat natija uchun o‘ynaymiz, chiroyli futbol uchun emas. Chiroyli futbol o‘ynaganmiz, men o‘zim ikki marta Jahon chempionati yo‘llanmasini yutqizganman… Hozir biz guruhda yuqori o‘rindamiz, o‘sha narsani qadrlab, o‘sha narsani qo‘llab quvvatlashingizni so‘rayman”, — dedi futbolchi.

O‘yinda penalti belgilanganda dastlab to‘pni Jaloliddin Masharipov qo‘lga olib, keyin Otabek Shukurovga bergani haqida savol berildi. Shukurov avvaldan penaltini o‘zi tepishi aniq bo‘lganini aytdi. Shuningdek, penaltida to‘p dastlab to‘tsinga tekkanida nimalar his qilganini so‘zlab berdi.

“Ichimdagini aytaman, men u tarafga tepmoqchi emasdim. Darvozabon “Al-Ayn”ning posboni. “Sharja” jamoasida o‘ynaganimda u do‘stim bo‘lgan. U meni qayerga tepishimni biladi. To‘pni chap tarafga tepmoqchi edim, ammo tepayotganimda darvozabon o‘sha tomonga (chapga) ketayotganini ko‘rib, yo‘nalishni o‘zgartirishga harakat qildim. Shuning uchun sal xavfli bo‘ldi. O‘zimning ham yuragim tushib ketdi”, — deb kuladi Shukurov.

Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasida 4-tur o‘yinida BAAni 1:0 hisobida yengib, “A” guruhida 10 ochko bilan 2-o‘rinda ketmoqda. Birinchi o‘rindagi Eronda ham 10 ochko, lekin to‘plar nisbati yaxshiroq. Ularning ta’qibchilari BAA va Qatar yetakchilardan 6 ochkolik farq bilan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinda ketmoqda. Qirg‘izistonda 3 ochko, KXDRda esa 2.

Ma’lumot uchun, saralashning ushbu bosqichida 3 ta guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan jamoalar Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.

жч-2026 saralashi, оtaбек shuкuров, o‘zбекистон terma jamoasi, futbol