O‘zbekistonda mamlakatning boshqa hududlarida kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “O‘zatom” atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayevning 15-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyadagi nutqida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Uning ma’lum qilishicha, 2023-yilda O‘zbekiston qariyb 78,7 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan, shundan 83 foizi tabiiy gazda ishlaydigan elektr stansiyalariga to‘g‘ri kelgan. 2026-yilga borib bu ulush 71 foizgacha kamayishi kutilmoqda.
“Qazilma yoqilg‘iga kuchli qaramlik elektr energiyasining yuqori narxlariga, gazning sezilarli iste’moliga va past energiya xavfsizligiga olib keldi. Qishning haddan tashqari sovuqligi va yozning kuchli jaziramasi bizga bu qaramlikning oqibatlarini ko‘rsatib berdi. Ushbu muammolarni hal qilish uchun O‘zbekistonning energetika sohasidagi strategik maqsadi quyosh, shamol va yadro energiyasi kabi yashil energiya manbalarini ko‘paytirish orqali energiya balansini diversifikatsiya qilishdir”, — dedi u.
Uning fikricha, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining oshishi elektr energiyasi ishlab chiqarishning beqaror doimiy xususiyati bilan tavsiflanadi. Energetik tizimda qayta tiklanadigan energiya manbalarining katta hajmi barqaror energiya balansi uchun qo‘shimcha quvvatlarni ishlab chiqish zaruratini keltirib chiqaradi.
“Ta’kidlamoqchimanki, qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha dasturimizda 20 GVt quvvatlarni yaratish ko‘zda tutilgan va bularning barchasini tartibga solish kerak. Energetik tizimda manyovrli zaxira quvvatlarining yetishmasligi, katta quvvatli bloklarning uzilishi atom elektr stansiyasida avariya sodir bo‘lganda energetik tizimda kaskadli uzilishlarga olib kelishi mumkin. Magistral elektr uzatish liniyalarining past o‘tkazuvchanlik qobiliyati va qo‘shni energetika tizimlari bilan zaif aloqa energetika tizimidagi muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin”, — dedi u.
Energiya tizimlarining barqaror ishlashi va atom elektr stansiyalarining muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi uchun tizimli va avariyaga qarshi avtomatika vositalarini rivojlantirish, energiya tarmoqlarini rivojlantirish va elektr energiyasini ishlab chiqarishning manyovrli manbalarini yaratish zarur.
Uning fikriga ko‘ra, bugungi kunda ushbu muammolarning barchasiga kichik modulli reaktorlar yechim beradi, ular passiv reaktiv xavfsizlik tizimlari bilan uyg‘unlashgan yuqori xavfsizligi bilan yirik reaktorlardan ajralib turadi, an’anaviy gaz va ko‘mir energiya bloklari quvvatiga teng bo‘lgan kichik texnik quvvat tufayli energiya tizimiga oson moslashuvchan.
“Bu ayrim modulli reaktorlarni iste’molchilarga yaqin joyda qurish imkoniyatidir, chunki ularning maydoni va muhofaza zonasi kichikroq. Qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan birgalikda ishlashni joriy etishning boshlang‘ich bosqichida xarajatlar kam bo‘lib, yuklamalarni kuzatib borish imkoniyati mavjud. Barcha ushbu xususiyatlar kichik modulli reaktorlarni O‘zbekiston sharoitida jozibador texnologiyaga aylantiradi va ulardan boshqa maqsadlarda ham foydalanish imkonini beradi”, — dedi “O‘zatom” rahbari.
Azim Axmedxadjayevning ta’kidlashicha, dunyoning ko‘plab kompaniyalari o‘zlarining kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini ishlab chiqish bilan faol shug‘ullanmoqda. “O‘zatom” agentligi ushbu texnologiyalarni chuqur tahlil qilib, referent texnologiyalarni ishlab chiqishda katta tajribaga ega bo‘lgan Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasini tanladi.
“Hech kim [bu texnologiyaga] egalik qilmaydi, lekin ko‘plab kompaniyalar tomonidan ishlanmalar olib borilmoqda. Hozir turli G‘arb va Osiyo mamlakatlarida katta dasturlar qabul qilingan. Biz bu texnologiyalarga katta e’tibor beryapmiz va ularning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Misol tariqasida Xitoyning CNNC (China National Nuclear Coorporation) kompaniyasini keltirish mumkin, u quvvati 100 MVt bo‘lgan kichik modulli reaktor qurilishini yakunlamoqda. Ular faqat kelgusi yilda ishga tushiriladi. Shundan so‘ng biz ushbu kichik modulli reaktorlarning rivojlanishini kuzatishimiz mumkin. Xuddi shunday sa’y-harakatlar hozir Koreyada ham, Yaponiyada ham, AQShda ham amalga oshirilmoqda. Ammo ular o‘z texnologiyalarini faqat 2030-yildan keyin taklif qilishlari mumkin”, — dedi u.
O‘zbekistonda bo‘lajak kichik AESlar uchun istiqbolli maydonlar. Slaydga ko‘ra, kichik atom stansiyalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent viloyati, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro va boshqa viloyatlarda ham qurilishi mumkin. Manba: “O‘zatom”
Azim Axmedxadjayevning aytishicha, “O‘zatom” “Rosatom” bilan kichik AES qurish loyihasi ustida faol ishlamoqda.
“Yuqoridagi xususiyatlardan kelib chiqib, atom stansiyalarini qurish uchun 14 ta potensial maydoncha oldindan baholab chiqildi. Respublikaning turli hududlarida kichik reaktorlarni yanada rivojlantirish uchun ushbu maydonlarni batafsil o‘rganish rejalashtirilgan. Baholash, albatta, mahalliy va xalqaro me’yoriy hujjatlar, atom elektr stansiyalari uchun maydonlarni tanlash bo‘yicha hujjatlar asosida amalga oshiriladi”, — dedi u.
O‘zbekistonda kichik modulli reaktorlardan kelajakda elektr energiyasini ishlab chiqarishdan tashqari boshqa maqsadlarda ham foydalanish mumkin.
“Kichik quvvatli atom elektr stansiyasining yuqori manyovrchanligi energiya tizimiga ko‘p miqdorda qayta tiklanadigan energiya manbalari kiritilgan sharoitlarda ishlash imkonini beradi. Bunday texnologiyalarning yuqori xavfsizlik darajasi va ularni mahalliy joylashtirish imkoniyati qishloq va shaharlarni bevosita isitish uchun foydalanishga yo‘l ochadi. Bundan tashqari, qurilish maydonini tanlashdagi moslashuvchanlik kimyo va neft sanoatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qimmatbaho sanoat bug‘ini olish uchun KQAESni o‘rnatish imkoniyatini yaratadi”, — dedi “O‘zatom” rahbari.
Uning ta’kidlashicha, kichik AES qurilishi loyihasi stansiyaning ba’zi tarkibiy qismlarini majburiy ravishda mahalliylashtirishni nazarda tutadi.
Ushbu konferensiya doirasida AES qurilishi direksiyasi rahbari Otabek Amanov kichik atom elektr stansiyasi O‘zbekiston mulki bo‘lishini ma’lum qildi. Shuningdek, loyiha bosqichlari haqida so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish uchun mahalliy urandan foydalanish rejalashtirilgan, ishlatilgan yoqilg‘i esa Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinadi.
- KQAES qurilishi bo‘yicha shartnoma 27-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida AES qurilishi direksiyasi va “Atomstroyeksport” kompaniyasi (“Rosatom” injiniring bo‘limi) o‘rtasida imzolangan. Bundan tashqari, 2018-yil 7-sentabrda O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasini qurishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma imzolandi.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasini “hayotiy ahamiyatga ega” deb atadi. “Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi u.
- “Rosatom” stansiya qurilishining bosh pudratchisi bo‘ladi, qurilishga O‘zbekiston kompaniyalari ham jalb qilinadi.
- “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyovning ta’kidlashicha, stansiyani ishga tushirish 2029-yildan 2033-yilgacha “bosqichma-bosqich, modulli” rejalashtirilgan. Kichik AES atom muzyorarlarida foydalanilgan RITM-200N suv-suv yadro reaktorlariga ega bo‘ladi. Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha O‘zbekistonda mahalliylashtirishning katta ulushi bilan amalga oshiriladi. “O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirish, davlat (Rossiya) krediti masalasi muhokama qilinmaydi”, — dedi u.
- 10-sentabr kuni “O‘zatom” agentligi qoshidagi AES qurilishi direksiyasi va “Rosatom” injiniring korxonasi “Atomstroyeksport” O‘zbekistonda kichik quvvatli AES loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzoladi. Bu qurilish maydonchasida tayyorgarlik ishlarining faol bosqichi boshlanishi va loyiha hujjatlari ishlab chiqilishini anglatadi.
- Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda 2040-yilgacha yirik AES qurilishi kerakligini aytgandi.