Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturi amalga oshiriladi.

Dasturda quyidagi rezident yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin:

1. Quyidagi talablarga mos keluvchi startap loyihalar:

  • faoliyat davomiyligi — 6 oydan 7 yilgacha;
  • kalendar yilida jami daromadi — 10 milliard so‘mdan oshmagan;
  • inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlaganini tasdiqlovchi hujjatga ega;
  • raqamli texnologiyalarga asoslangan, yuqori o‘sish va xorijiy bozorlarga chiqish salohiyati bo‘lgan biznes modelga ega;
  • startap loyihalar ekotizimi platformasida ro‘yxatdan o‘tgan;

2. Startap ekotizimi ishtirokchilari — venchur jamg‘armalar va xususiy investorlar hamda startap loyihalar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini tashkillashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar.

Qarorga ko‘ra, dastur ishtirokchilariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari qo‘llanadi:

  • qiymati 50 million AQSh dollaridan ko‘p bo‘lgan xorijiy venchur jamg‘armalardan investitsiya jalb qilgan startap loyihalarga mazkur investitsiyaga teng miqdorgacha bo‘lgan, biroq 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda investitsiya mablag‘larini ajratish;

Quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:

  • 5 yildan ortiq muddat davomida faoliyat yuritayotgan hamda kamida 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan yetakchi xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish;
  • inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 50 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
  • patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari;
  • venchur jamg‘arma tomonidan garov ta’minotisiz, asosiy stavkadan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 300 million so‘mgacha miqdorda startap loyihalarga qarz mablag‘larini ajratish;
  • IT-Visa berish amaliyotini startap loyihalarning ta’sischilari va mutaxassislariga ham tatbiq etish.