AQSh Isroilni 30 kun ichida G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun choralar ko‘rmasa, harbiy yordamni qisqartirish mumkinligi haqida ogohlantirdi, deb yozmoqda New York Times va Reuters.

O‘tgan yakshanba kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin va davlat kotibi Entoni Blinkenning Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant va strategik ishlar vaziri Ron Dermerga yo‘llagan maktubida “keskin ogohlantirish” yangragan.

Maktubda Isroil ko‘rishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar, jumladan, kuniga kamida 350 ta gumanitar yordam yuk mashinasini o‘tkazish, yordam yetkazish uchun jangovar harakatlarda tanaffuslar kiritish va favqulodda zarurat bo‘lmaganda falastinliklarni evakuatsiya qilish to‘g‘risida buyruq bermaslikni o‘z ichiga oladi.

“Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlashga doimiy sodiqlikni namoyish eta olmaslik AQSh siyosati… va tegishli AQSh qonunchiligi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — deyiladi maktubda.

Unda, xususan, AQSh yordamini yetkazib berishga to‘sqinlik qilayotgan mamlakatlarga harbiy yordam ko‘rsatishni taqiqlovchi AQSh qonunlari keltirib o‘tilgan.

Vashingtondagi noma’lum isroillik amaldor Reuters agentligiga maktub qabul qilingani va ko‘rib chiqilayotganini aytdi. “Isroil bunga jiddiy qaraydi va amerikalik hamkasblarimiz bilan ushbu maktubda ko‘tarilgan masalalarni muhokama qilish niyatida”, — dedi u.

  • So‘nggi haftalarda AQSh va BMT rasmiylari G‘azoda, ayniqsa, anklav shimolida vaziyat yomonlashayotgani haqida ogohlantirishdi. Butunjahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyi boshidan buyon G‘azoning shimoliy qismiga oziq-ovqat yetkazib berilmagan, 1 million kishi ochlik xavfi ostida. 6-oktabr kuni Isroil G‘azo shimolida HAMAS jangarilari qayta guruhlanganini aytib, quruqlikdagi operatsiyani davom ettirdi.
  • AQSh bir necha bor Isroilni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim tuzishga chaqirdi. May oyi oxirida prezident Jo Bayden garovga olinganlarni qaytarish, o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishni o‘z ichiga olgan uch bosqichli tinchlik rejasini taqdim etdi. Iyun oyida BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh rejasi bo‘yicha Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi, ammo tomonlar kelishuvga erisha olmadi. Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘z mamlakati HAMAS ustidan to‘liq g‘alaba qozonmaguncha jang qilishini bir necha bor aytgan. Sentabr oyida Isroil Livandagi “Hizbulloh”ga qarshi harbiy operatsiya boshladi.
  • Isroil AQShning harbiy yordamiga juda bog‘liq, chunki u bir vaqtning o‘zida bir nechta frontlarda urush olib bormoqda, deb tushuntiradi Axios. Amerika qonunchiligiga ko‘ra, AQSh tomonidan harbiy qo‘llab-quvvatlanayotgan va faol harbiy mojaroda bo‘lgan davlatlar AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan gumanitar yordamning uzluksiz uzatilishiga ruxsat berishi kerak. Ushbu talabning bajarilmasligi AQSh harbiy yordamining to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin. O‘tgan yilning mart oyida Isroil hukumati Bayden ma’muriyatiga ushbu shartlarga rioya qilish bo‘yicha yozma majburiyat yuborgan edi.