Uzum milliy raqamli ekotizimi va O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi Women Entrepreneurs (WE) Fintech ta’lim dasturi doirasida elektron tijorat sohasida tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu qadam biznesda ayollar uchun sharoitlarni yaxshilash va inklyuziv muhitni yaratishning keyingi bosqichi bo‘ladi.

Hamkorlik konsultatsiyalar, o‘quv tadbirlari va ta’lim tashabbuslarini nazarda tutadi. Mamlakatning kichik aholi punktlaridagi ayollar uchun dasturlarga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan.

«Uzum bilan hamkorlik, ayniqsa, kichik aholi punktlaridagi tadbirkor ayollar uchun qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Biz nafaqat ularga bilim va elektron tijorat vositalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etishga, balki har bir ayol o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilishi va biznesda muvaffaqiyatga erishishi mumkin bo‘lgan inklyuziv ekotizimni shakllantirishga intilamiz», — deb ta’kidladi Fintex assotsiatsiyasi direktori Nargis Do‘smatova.

«Marketpleysga chiqish O‘zbekistondagi o‘rta va kichik tadbirkorlar uchun o‘z biznesini rivojlantirish va kengaytirish yo‘lidagi ideal boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, biz barcha sotuvchilarga teng imkoniyatlar taqdim etamiz, bu esa ko‘plab ayollarga o‘z ishini boshlash qaroriga qilishda yordam beradi. Hozirda Uzum Market’dagi sotuvchilarning qariyb 30 foizini ayollar tashkil etmoqda. Biz bu raqam sezilarli darajada o‘sishi mumkinligini ko‘rib turibmiz va bunga erishish uchun barcha kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga tayyormiz», — dedi Uzum kompaniyasining strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Nikolay Seleznyov.

Fintech dasturi (WE) USAID, The Stirling Foundation va Uzum Academy ko‘magida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonda allaqachon amalga oshirilgan. So‘nggi 18 oy ichida uyushma jamoasi va Uzum Academy mutaxassislari Ostona, Olmaota, Chimkent, Marg‘ilon, Andijon, Xo‘jand, Dushanbe shaharlarida bo‘lib, 800 dan ortiq ayollarga onlayn platformalarda sotish bo‘yicha ta’lim berdi.

Ta’limdan tashqari, O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi o‘z onlayn biznesini ochmoqchi bo‘lgan ayollarga 100−500 AQSH dollari miqdorida grant yordamini taklif qiladi.

Reklama huquqlari asosida.