Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy radaga o‘zining “g‘alaba rejasi”ni taqdim etdi, uning so‘zlariga ko‘ra, reja Ukraina pozitsiyalarini mustahkamlash va Rossiya bilan urushni adolatli tugatishga qaratilgan. Bu rejaning birinchi ommaviy taqdimoti hisoblanadi.

“Agar biz hozirdanoq “g‘alaba rejasi”ni amalga oshirishni boshlasak, keyingi yilga qadar urushni tugatishimiz mumkin”, — dedi Zelenskiy.

Reja besh band va uchta maxfiy ilovadan iborat.

Birinchi punkt — Ukrainani NATOga “hozir” taklif qilish.

“Biz uchun Ukraina va NATO masalasidagi qat’iylik Ukraina uchun Yevropa integratsiyasi muqarrarligini va Ukrainada demokratiyaga muqobil yo‘qligini ham anglatadi. Shuning uchun ham bu “g‘alaba rejasi”ning boshlang‘ich punkti”, — dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina NATOga a’zolik “hozirgi kun emas, kelajak masalasi” ekanini tushunadi. “[Rossiya prezidenti Vladimir] Putin o‘zining geosiyosiy hisob-kitoblari yutqazayotganini ko‘rishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ikkinchi punkt — mudofaa. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bandni amalga oshirish Rossiya hududidagi operatsiyalarni davom ettirish, Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish, dronlar va raketalardan foydalanishni kengaytirish va G‘arb ittifoqchilarining Rossiya hududiga zarba berish bo‘yicha cheklovlarini olib tashlash, shuningdek, razvedkadagi ittifoqchilarga kirish imkoniyatini nazarda tutadi.

“Bu haqiqatga to‘g‘ri keladi — Ukrainadagi jang maydonida o‘z pozitsiyalarimizni himoya qilish va shu bilan birga urushni Rossiya hududiga qaytarish, shunda rossiyaliklar urush nima ekanini tushuna boshlaydi va — Rossiya propagandasiga qaramay — Kremlga nisbatan nafrati uyg‘ona boshlaydi”, — dedi Zelenskiy.

Uchinchi punkt — ushlab turish. Ukraina o‘z hududida Ukrainani Rossiyadan keladigan har qanday harbiy tahdiddan himoya qilish uchun yetarli bo‘lgan keng qamrovli noyadroviy strategik to‘xtatuvchi paket joylashtirishni taklif qilmoqda.

Zelenskiy bu taklifni “kuch orqali tinchlik” deb atadi.

Uning aniqlik kiritishicha, ushbu bandda AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Germaniya yetakchilari allaqachon olgan maxfiy ilova bor.

To‘rtinchi punkt — Ukrainaning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish. Zelenskiy Ukrainada tabiiy resurslar, jumladan, trillionlab dollarlik muhim metallar to‘planganini eslatdi. Bular, xususan, uran, titan, litiy, grafit va boshqa strategik jihatdan qimmatli resurslar bo‘lib, ular “global raqobatda yo Rossiya va uning ittifoqchilarini, yo Ukraina va demokratik dunyoni mustahkamlaydi”.

Uning ta’kidlashicha, Ukrainaning muhim resurs konlari, shuningdek, mamlakatning global ahamiyatga ega bo‘lgan energiya va oziq-ovqat ishlab chiqarish salohiyati Rossiyaning urushdagi asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev AQSh va YeIga Ukrainada mavjud bo‘lgan muhim resurslarni birgalikda himoya qilish, birgalikda sarmoya kiritish va tegishli iqtisodiy salohiyatdan foydalanish bo‘yicha maxsus kelishuv tuzishni taklif qilmoqda. “Bu ham kuch orqali tinchlikdir. Iqtisodiy kuch”, — dedi u.

Beshinchi punkt urushdan keyingi davrga mo‘ljallangan. Zelenskiyning qayd etishicha, urushdan keyin ukrainalik harbiylar o‘z tajribasidan NATO va Yevropa mudofaasini kuchaytirish, shuningdek, Yevropadagi Amerika kontingentining bir qismini almashtirish uchun foydalanishi mumkin.

“Dunyodagi hamma Rossiya halol tinchlikni qidirmayotganini ko‘rib turibdi. Putin aqldan ozgan va faqat urushni xohlaydi. U o‘zgarmaydi… Ammo biz, ukrainaliklar va sheriklarimiz birgalikda urush tugashi uchun vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak. Putin nimani xohlasa ham. Biz hammamiz vaziyatni o‘zgartirishimiz kerak, shunda Rossiya tinchlik o‘rnatishga majbur bo‘ladi”, — dedi Zelenskiy.

“Rossiya Ukraina ustidan nazoratni abadiy yo‘qotishi va hatto bunday nazoratga bo‘lgan istagini yo‘qotishi kerak. Bu Ukraina uchun hayot kafolati. Va shu bilan bir vaqtda — Yevropa uchun tinchlik kafolati”, — deb yozdi u keyinchalik Telegram kanalida.

Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Zelenskiyning “g‘alaba rejasi”ni izohlar ekan, Ukraina uchun haqiqiy tinchlik rejasi Ukraina rasmiylari olib borayotgan siyosatning befoydaligini anglash bo‘lishini aytdi. U, shuningdek, Ukrainani “hushyor bo‘lishga” va harbiy mojaroga olib kelgan sabablarni tushunishga chaqirdi.