Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hokimlarning yopiq qarorlarini kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi. Bu haqda 17-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan IV Toshkent aksilkorrupsiya forumidan agentlik direktori Akmal Burxanov ma’lum qildi deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik va Adliya vazirligi hamkorligida davlat idoralari, jumladan, mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qay darajada ochiq yo yopiqligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi.
“O‘rganishlar davomida mahalliy hokimliklarda qarorlarning 30 foizdan ortig‘i yopiq holda qabul qilinayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ularning mazmunini tahlil qilganimizda, ko‘p qarorlar davlat xaridlari yoki davlat budjeti mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq bo‘lib, noqonuniy ravishda yopiq holga o‘tkazilmoqda”, — dedi u.
Burxanovning qayd etishicha, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar birgalikda takliflar ishlab chiqdi.
“Birinchi taklif shuki, qarorlarni yopiq tarzda qabul qilishning aniq mezonlarini ishlab chiqish kerak. Bugungi kunda bu boradagi qoidalar qonunchiligimizda ham mavjud. Ammo unda umumiy tartiblar belgilangan, ya’ni shaxsga doir hamda vasiylik va homiylik bilan bog‘liq ma’lumotlar bo‘lsa, bu yopiqlanishi kerak. Lekin afsuski, ayrim mansabdor shaxslar mana shu niqob ostida ko‘plab qarorlarni yopiq holda qabul qilyapti”, — dedi Burxanov.
Shuningdek, Akmal Burxonov qaror haqiqatan yangi tartiblar asosida yopiq tarzda qabul qilinishi lozim bo‘lsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xulosasini olgandan keyingina, uni yopiq tarzda o‘tkazish taklifini ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
“O‘ylaymanki, yaqin kunlarda bu takliflar qabul qilinsa, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi”, — dedi Akmal Burxanov.