Qozog‘iston mintaqaviy siyosat va Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shnilari bilan yaqin hamkorlikka “mutlaqo sodiq,” dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 17-oktabr kuni Astana Think Tank Forum yig‘ilishida.

“Biz qanchalik keng hamkorlik qilsak, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari manfaatlari uchun shunchalik yaxshi”, — dedi Toqayev moderatorning mintaqaviy hamkorlik orqali o‘rta davlatlar pozitsiyasini ilgari surish haqidagi savoliga javoban.

Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi hozirgi vaziyat “bundan 10 yil oldingi holatdan keskin farq qiladi”. “Hozir bizda faol hamkorlik rivojlanmoqda, keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha ko‘p qirrali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari muntazam ravishda „soatlarni taqqoslaydigan“ uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Bu uchrashuvlar juda samarali”, — dedi u.

“Bizning siyosiy prinsiplarimiz strategik muvozanatni mustahkamlashga qaratilgan. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyo jahon xaritasida tobora ko‘zga tashlanib bormoqda. Umid qilamanki, Markaziy Osiyodagi hamkasblarim bu fikrga qo‘shilishadi. Biz ushbu juda muhim hududning salohiyatini mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — dedi Toqayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mintaqaviy va o‘rta darajadagi davlatlarning ovozlari BMT Xavfsizlik kengashida eshitilishi kerak.

“Biz yanada inklyuziv va barqaror xalqaro tizimni ko‘rishni xohlaymiz. Davlatlar kichik yoki katta bo‘lishidan qat’i nazar, yaxshiroq dunyo barpo etishga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak”, — dedi Qozog‘iston yetakchisi.

Forumda Toqayev Rossiya-Ukraina urushini hal qilish masalasi bo‘yicha yana bir bor fikr bildirdi. U “Rossiya harbiy jihatdan yengilmas” ekanini takrorladi va rossiyaliklar prezident Vladimir Putin siyosatini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

“Shuning uchun biz tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlash zarur deb hisoblaymiz va barcha davlatlarning, jumladan, Xitoy va Braziliyaning ham real rejalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Boshqa yo‘l yo‘q. Muqobillik — bu o‘zaro qirg‘in urushi. Ehtimol, ba’zi dunyo kuchlari bundan manfaatdordir, ammo bu tubsizlikka olib boradigan yo‘l. Konstruktiv muzokaralar orqali tinchlikka intilish zaiflik belgisi emas, balki strategik aql-idrokning ifodasi”, — dedi Qozog‘iston rahbari.

Sentabr oyida Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvda Toqayev Ukraina urushi bo‘yicha Braziliya va Xitoyning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlagan edi. O‘shanda u urushning yanada kuchayishi “hamma narsa uchun tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga” olib kelishini aytgandi.