16-oktabr kuni O‘zbekiston va xorijdagi saylov uchastkalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga deputatlar saylovi bo‘yicha muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. U 23-oktabrgacha davom etadi. Saylovlar 27-oktabr kuniga belgilangan.
Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘la olmagan saylovchilar muddatidan oldin ovoz berishlari mumkin. Saylov uchastkasiga kelgan saylovchi arizada saylov kuni kelmaganining sababini (ta’til, xizmat safari, chet elga chiqish va h.k.) ko‘rsatishi shart.
O‘zbekistonda muddatidan oldin ovoz berish — ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha va dam olish kunlari soat 11:00 dan 17:00 gacha, xorijdagi saylov uchastkalarida — mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 gacha davom etadi.
Avvalroq 39 ta davlatda deputatlar saylovi bo‘yicha 57 ta saylov uchastkasi tashkil etilgani, shundan 26 ta davlatda muddatidan oldin ovoz berish (qolganlarida — saylov kuni) o‘tkazilayotgani xabar qilingandi. Muddatidan oldin ovoz berish uchun O‘zbekiston fuqarolari joylarga boradigan ko‘chma saylov uchastkalaridan ham foydalanishi mumkin.
“Gazeta.uz” O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari tomonidan taqdim etilgan ayrim xorijiy uchastkalardan olingan suratlarni taqdim etadi.
Foto