Iqtisodiyot bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofoti Massachusets texnologiyalar instituti professorlari Daron Ajemo‘g‘li va Saymon Jonson hamda Chikago universiteti professori Jeyms Robinsonga berildi. Mukofot olimlarga siyosiy institutlar qanday shakllanishi va ularning farovonlikka ta’sirini o‘rganish yo‘nalishidagi ishlari uchun topshirildi. Iqtisodchi Behzod Hoshimov “Gazeta.uz” bilan suhbatda bu olimlarning tadqiqotlari nima uchun muhim ekanini tushuntirdi.

— Nobel qo‘mitasi bayonotida Ajemo‘g‘li, Jonson va Robinsonning tadqiqotlari mamlakatlar taraqqiyoti uchun siyosiy institutlarning naqadar muhimligini ko‘rsatib bergani ta’kidlanadi. Lekin, adashmasam, institutlarning ahamiyati haqidagi g‘oyaning o‘zi yangi emas. Bu iqtisodchilarning amalga oshirgan tadqiqotlari nimasi bilan muhim?

— Gapingiz to‘g‘ri. Siyosiy institutlarning iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rniga bag‘ishlangan tadqiqotlar uchun oxirgi Nobel 1993-yili iqtisodchi Duglas Nortga berilgan edi. Duglas Nortning tadqiqoti ham o‘yin qoidalari, tiyib turuvchi institutlar va shu kabi jihatlar mamlakatlarni taraqqiyotga olib boruvchi zarur shartlardir, degan g‘oya ustiga qurilgan edi. Ajemo‘g‘li, Jonson va Robinsonga kelsak, ha, ular ko‘p ish qilgan, ammo ular Nobelga [siyosiy institutlarning iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rni]ni formal modellashtirgani, ya’ni matematika tilida yozib bergani uchun loyiq ko‘rildi.

Bu yerda juda nozik bir masala bor. “Institutlar taraqqiyotga olib keladi”, degan gap, bu — fikrni so‘z bilan ifodalashdir. Fikrni so‘z bilan ifodalash va matematik ifodalashning farqi shundaki, so‘z bilan ifodalayotganda biz gap ichidagi qarama-qarshiliklarni yaxshi ko‘rolmaymiz. Lekin biror bir jarayonni matematik modellashtirishni boshlasangiz, qarama-qarshiliklar ko‘rinadi. Shu bois iqtisodchilar sizga biror bir g‘oya bersa, birinchi beradigan savolingiz: “Buni tushuntiradigan model bormi yo yo‘q?” bo‘ladi. Matematik model borligi uchun siz u yerda qaysi parametr o‘zgarsa, bu o‘zgarish boshqa parametrlarga qanday ta’sir qilishini ko‘ra olasiz.

Duglas Nort asosan so‘zda ifodalagan narsani Ajemo‘g‘li, Jonson va Robinson matematik modellashtirdi. Ularning qilgan ikkinchi ishi — empirik tadqiqotlar o‘tkazgani. Empirik tadqiqotlarda ular formal modeldagi xulosalariga dalillar topgan. Hozir ular ishlatgan empirik dalillar va empirik tadqiqotlar bo‘yicha munozara ketmoqda.

Masalan, hamma rivojlangan mamlakatlarda siyosiy institutlar yaxshi. Xo‘sh, bu mamlakatlar siyosiy institutlari yaxshi bo‘lgani uchun rivojlanganmi yoki taraqqiy etgani uchun institutlari ham yaxshimi? Ajemo‘g‘li, Jonson va Robinson ishlab chiqqan metodologik nuqtalardan biri — ular Buyuk Britaniyaning ayrim koloniyalarida o‘lim darajasi baland, boshqalarida esa past ekanini ko‘rib chiqqan. Bu hozirgi taraqqiyotga nisbatan qaysidir ma’noda ahamiyatsiz narsa. Lekin o‘sha koloniyalardagi o‘lim darajasi britaniyaliklar shakllantiradigan institutlar qanday bo‘lishiga ta’sir qilgan.

Agar britaniyaliklar u yerda muqim qolishini bilsa — masalan, AQSh, Kanada va Avstraliya kabi hududlarda — uzoq muddatli (inklyuziv) siyosiy institutlar qurgan. Lekin, deylik, Hindiston kabi o‘lkalarda mustamlakachilar orasida iqlim va boshqa sabablarga ko‘ra o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan va ular bu joylarda vaqtinchalik — ekstraktiv — institutlarni shakllantirgan. Bu olimlar tarixdan shu dalilni topib, institutlarning o‘zgarishi taraqqiyotni belgilab beradi, degan fikrni ilgari surgan.

Yana boyagi savolga qaytsak — ular rivojlangan bo‘lgani uchun institutlari ham yaxshimi yoki institutlari yaxshi bo‘lgani uchun rivojlanganmi? Lekin iqlimning, britaniyaliklar orasidagi o‘lim darajasining bu modelga aloqasi yo‘q-ku. Ammo britaniyaliklarning o‘lim darajasi, qaysidir ma’noda, siyosiy institutlar qanday bo‘lishini belgilayapti. Institutlar esa taraqqiyotni ta’minlayapti. Bu yerda chiziqli sabab-oqibatni ko‘ryapsiz — institutlarning sifati taraqqiyot qanday bo‘lishini belgilab bermoqda.

— Hamma boy mamlakatlarda qonunlar va institutlar ishlaydi, deb olsak, bunga qarshi misollar ham bormi? Badavlat, lekin institutlari yaxshi bo‘lmagan mamlakatlar ham bormi?

Istisnolar bor. Masalan, neft qazib oluvchi aksariyat mamlakatlarni shunday misol qilib ko‘rsatishadi. Bu — Fors ko‘rfazi mamlakatlari bo‘lishi mumkin, bu — Rossiya bo‘lishi mumkin. Ya’ni, ularning siyosiy institutlari sifati boyliklarining sifatiga hamohang emas. Buni qanday tushuntirish mumkin?

Ular tabiiy boyliklar hisobiga boyimoqda. Shuningdek, bu borada teskari misollar ham bor. Masalan, Venesuelada neft Saudiya Arabistonidagidan ko‘p. Lekin u yerda siyosiy institutlar shu qadar yomon ahvoldaki, mamlakat ocharchilik yoqasida turibdi. Saudiya Arabistonida esa, aksincha, odamlar ko‘p ovqat yeganidan qiynalyapti.

Vaholanki, ularning aholi soni ham taxminan bir xil. Ya’ni, institutlar sifatini mana shunday misollarda ham ko‘rsa bo‘ladi. Umuman olganda, tabiiy boyliklari ko‘p bo‘lgan mamlakatlarning daromad darajasi odatda ularning siyosiy institutlari darajasiga hamohang emas.

— Singapur bunga misol bo‘la olmaydimi?

Yo‘q. Singapurda demokratik institutlar masalasi ziddiyatli. Ammo o‘zaro tiyib turish, odil sudlov, huquqlar himoyasi, mulk muhofazasi kabi narsalar ancha yaxshi ishlaydi. Masalan, Singapurdagi so‘z erkinligi yoki demokratik jarayonlar masalasida, albatta, savollar tug‘ilishi mumkin. Singapurliklarning amaldagi hukumatga nisbatan o‘z fikrini bildirish erkinligi biroz cheklangan bo‘lsa ham, aksariyat masalalarda ular o‘z sudlari, politsiyasi, tiyib turuvchi vositalarga ishonadi va tayanadi.

— Laureatlarning qaysi kitoblarini o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

— O‘zbek tiliga tarjima qilingan “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (“Why nations fail”) kitobini. “Tor yo‘lak"ni (“The Narrow Corridor”) ham. Ayniqsa, Ajemo‘g‘lining bibliografiyasi juda katta. Nobel olganidan so‘ng aynan shu mavzuda memlar ham chiqdi, chunki Ajemo‘g‘li kitob chiqarish bo‘yicha eng sermahsul iqtisodchilardan, hozir u kabi sermahsul ijodkor iqtisodchilar yo‘q. Shu jihat, qaysidir ma’noda, Nobel qo‘mitasiga ham mas’uliyat yuklagan: “Unga bermasak, boshqa kimga ham beramiz?”, degandek.

Jeyms Robinson ham hozir Afrika haqida yangi kitob yozyapti. Bundan tashqari, Ajemo‘g‘li va Jonsonning birgalikda yozgan “Hokimiyat va taraqqiyot” (“Power and Progress”) kitobi ham bor. Bularning barchasini o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lardim.