Otabek Ravshanbek o‘g‘li Tursunov Toshkent viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, u hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egalladi.

Tursunov tayinlovga qadar Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyot, sanoat, moliya-bank, soliq, davlat aktivlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

U 1984-yilda Andijon viloyati Andijon shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2007-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan.

Faoliyati davomida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. 2021-yil fevral oyida Andijon viloyati hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 15-oktabr kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Toshkent viloyatida kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilingandi. Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov lavozimidan ozod etilgan.