16-oktabr kuni Toshkent shahri hokimi “Toshkent shahrida transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylari faoliyatini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan, Toshkent shahrida transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibi va transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorlari tasdiqlandi. To‘lovlar tarif zonalariga ko‘ra bir soat uchun 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha etib belgilandi.

паркинг, pulli to‘xtash joylari, тошкент

Bunda Toshkent shahrida transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmasligi kerak.

“Toshkent Invest kompaniyasi” 2025-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Pulli to‘xtab turish joylari” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini foydalanishga topshirishi va unga tashkil etiladigan transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylari uskunalarini ulashga tayyorligini ta’minlashi kerak.

Quyidagi toifadagi transport vositalaridan to‘xtash joyidan foydalanganlik uchun to‘lov undirilmaydi:

  • favqulodda vaziyatlar va maxsus xizmatlar xodimlari tomonidan foydalaniladigan jigarrang, qizil yoki ko‘k-qizil miltillovchi chiroq va maxsus ovozli signallar bilan jihozlangan transport vositalari;
  • old va orqa oynalarida “7.17” yo‘l belgisi tasviri tushirilgan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning transport vositalari (jumladan, nogironlar uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari);
  • II Jahon urushi qatnashchisining transport vositasi;
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydigan ikki g‘ildirakli transport vositalari.

Parkingda, shu jumladan, savdo korxonalari, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, sport va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar yonidan kamida 5 foiz joy (lekin bir dona joydan kam bo‘lmagan) imtiyozli ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqariladigan transport vositalarini bepul joylashtirish uchun ajratiladi.

Pulli avtoturargohlar

2022-yil aprel oyida Transport vazirligi huzuridagi “Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyihalari boshqarmasi” direktori Murod Obidov 1-noyabrgacha Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida pulli avtoturargohlarni joriy etish niyatida ekanligini ma’lum qilgan edi.

Noyabr oyida islohotlarni amalga oshirish yil oxirigacha qoldirildi. Shu bilan birga, poytaxt transport boshqarmasi birinchi pulli avtoturargohlarning maket rejalarini e’lon qildi. 2251 ta avtomobilga xizmat ko‘rsatish uchun 57 ta parkomat o‘rnatish, 2 ta evakuator va 2 ta to‘xtash joyi va yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni nazorat qiluvchi elektron tizim (parkon) xarid qilish rejalashtirilgan edi.

2022-yil dekabr oyida Toshkent shahar hokimi o‘z qarori bilan Transport boshqarmasining avval e’lon qilingan sxemasi bo‘yicha birinchi yo‘l bo‘yida avtoturargohlar tashkil etishni ma’qulladi. Kasy Park kompaniyasi tizimni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishi, markaziy ko‘chalarga avtoturargohlar o‘rnatishi kerak edi.

2023-yil fevral oyida O‘zbekiston prezidenti shaharning 20 ta ko‘chasida 10 mingta avtomobil uchun pulli to‘xtash joylari joriy etilishini ma’lum qilgan edi.

2023-yil noyabrda esa Muqimiy nomidagi teatr oldida avtomobillar uchun pulli, velosipedlar uchun esa bepul to‘xtash joylarini sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.

“Gazeta.uz” bunga qadar ham Toshkentdagi tartibsiz avtoturargohlar muammolari haqida bir necha bor yozgan edi. Avtomobillar jamoat joylarini egallab, piyodalar yo‘laklarida piyodalar yo‘lini to‘sib qo‘yadi, jamoat transporti harakatiga to‘sqinlik qiladi, avtobus bekatlariga kirish va ajratilgan yo‘laklarni to‘sib qo‘yadi.