Markaziy bank boshqaruvi payshanba kuni asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishni bir haftaga — 24-oktabrdan 31-oktabrga ko‘chirishga qaror qildi, deb xabar qilmoqda regulyator matbuot xizmati.

Markaziy bank xalqaro moliya tashkilotlari O‘zbekistonning jahon va savdo hamkorlari uchun yangilangan prognozlari, shuningdek, mamlakatning III chorakdagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari oktabr oyining ikkinchi yarmida e’lon qilinishini ta’kidladi.

“Ishlab chiqilayotgan makroiqtisodiy tahlil va prognozlarda ushbu yangilangan ko‘rsatkichlar asos bo‘lishini inobatga olib, Markaziy bank asosiy stavkasini ko‘rib chiqish va pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini tasdiqlash bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi 31-oktabrida o‘tkazilishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.

O‘tgan oyda Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida qoldirgandi. Regulyatorning qayd etishicha, iqtisodiyotdagi yuqori talab hamda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida kuzatilgan o‘sish sur’atlari pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etgan.

Markaziy bankning asosiy stavkasi — pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan bank tizimiga likvidlikni taqdim etish bevosita asosiy stavkaga bog‘liq. Shunday qilib, asosiy stavka iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasiga, shuningdek, aholi va biznesning iste’mol va investitsion (sarmoya kiritish) qarorlariga ta’sir ko‘rsatgan holda ichki talab va inflyatsiya darajasi o‘zgarishida ahamiyat kasb etadi.