O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Gazeta.uz” so‘roviga binoan Qozog‘istonda olti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi tafsilotlarini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 16-oktabr kuni soat 07:30 da Beyneu — Tajen yo‘lida Jac avtomobili ishtirokida YTH sodir bo‘lgan. Avtomobil chegaradan o‘tish uchun navbatda turgan yuk mashinasiga kelib urilgan. Mashinada jami 10 kishi bo‘lgan, 6 kishi halok bo‘lgan, qolgan to‘rt nafar yo‘lovchi Beyneu tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilgan. Jabrlanganlarning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholangan.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan barcha fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritildi.
“Aqtaudagi bosh konsullik xodimlarimiz ularning qarindoshlari bilan bog‘lanishdi. Bugun ular Qozog‘istonga kelishadi. Yaqin kunlarda jasadlar O‘zbekistonga olib kelinadi. Shifoxonada yotgan to‘rt nafar fuqaromizning ahvoli yaxshi, deb baholanmoqda. Ular shifoxonadan chiqqanlaridan keyin O‘zbekistonga qaytadi. Bosh konsullik xodimlari mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ishlamoqda, muammolar yo‘q”, — deya “Gazeta.uz”ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Halok bo‘lganlarning barchasi Xorazm viloyatidan bo‘lgan — uch erkak, bir ayol va ikki nafar bola. Bir nafar erkak, ayol va ikki bola kasalxonada.