Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda Toshkent−Samarqand va Toshkent−Andijon oralig‘idagi pulli yo‘l loyihalarini jadallashtirish va yo‘llarni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident bunday hollarda muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi alohida qonun bilan belgilanishini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev avgust oyi oxirida 2024−2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish asosidagi loyihalar, jumladan, pulli avtomobil yo‘llari qurish loyihalari ro‘yxatini tasdiqlagandi. Toshkent-Samarqand pulli yo‘lini 2028-yil oxirigacha yakunlash (dastlabki qiymati 2,2 mlrd dollar), Toshkent-Andijon pulli yo‘lini 2026-yilda boshlash (4,28 mlrd dollar), Samarqand-Buxoro pulli yo‘li loyihasini 2027−2030-yillarda qurish (1 mlrd dollar) va boshqalar rejalashtirilgan.

Sentabr oyida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov pulli yo‘llar qurish masalasiga izoh berar ekan, foydalanuvchilarga bepul muqobil ham bo‘lishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, taqdimotda prezident O‘zbekistonning umumiy uzunligi 4 ming km bo‘lgan “Andijonni Qo‘ng‘irot bilan, Termizni Toshkent bilan bog‘laydigan xalqaro avtomobil yo‘llari eng yuqori talablarga javob berishi kerakligini” ta’kidlagan. “O‘zbekistonning geografik joylashuvini hisobga oladigan bo‘lsak, xalqaro yo‘llarning tashqi savdodagi ahamiyati juda katta”, — dedi u.

Xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘ylab qo‘shimcha 70 ta savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi quriladi.

4700 ta ko‘prikni ta’mirlash zarurligi ta’kidlandi. Shavkat Mirziyoyev ularni ta’mirlash bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Davlat rahbari xalqaro moliya institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yo‘l va suv infratuzilmasi loyihalariga xorijlik maslahatchilarni jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Taqdimotda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, agar 2009−2016-yillarda 9 trln so‘mga 1000 kilometrdan ortiq yo‘l qurilib, 20 ming kilometr yo‘l ta’mirlangan bo‘lsa, keyingi sakkiz yilda bu ko‘rsatkichlar 6 barobarga oshgan: 58 trln so‘m mablag‘ ajratilib, 2000 km yo‘l qurilib, 100 ming km yo‘l ta’mirlangan.

BMT tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotining kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 km yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Yaqin kunlarda Qo‘ng‘irot-Beynau yo‘nalishidagi 240 km yo‘l foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Guliston−Andijon, Dushanbe−Termiz, Buxoro−Turkmanboshi, Urganch−Hazorasp yo‘llarining muayyan qismlari qayta quriladi.

Sohaga xususiy sektor vakillari ham keng jalb qilinmoqda. Hududlardagi jami 260 km yo‘llarning ekspluatatsiyasi autsorsing asosida tadbirkorlarga berilgan. Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida 841 km yo‘l qurilishida ilk bor to‘liq mahalliy pudratchilar qatnashishiga kelishilgan.