Jahon banki 2024-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida YAIMning eng yuqori o‘sishi Gruziya, Tojikiston va O‘zbekistonda kuzatilayotganini qayd etdi.
Bugun e’lon qilingan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti bo‘yicha hisobotda bir qator inqirozlardan so‘ng mintaqadagi rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish barqarorlashayotgani aytiladi, ammo ko‘rsatkichlar 2000-yillar boshiga nisbatan ancha past darajada qolmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, 2024-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2023-yildagi 3,5 foizdan 3,3 foizgacha sekinlashishi, 2025-yilda esa 2,6 foizgacha sekinlashishi mumkin. Bu o‘sish 5,1 foizni tashkil etgan 2000−2009-yillardagi o‘rtacha yillik ko‘rsatkichdan ancha past.
Jahon bankining qayd etishicha, mintaqa mamlakatlari yuqori darajadagi inflyatsiya, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari va Yevropa Ittifoqida, mintaqaning asosiy eksport bozorida iqtisodiy faollik darajasining sekin o‘sishi ortidan yuzaga kelgan so‘nggi shoklarni muvaffaqiyatli yengib o‘tdi.
Hozirda Yevropa va Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish uchun asos ish haqining oshishi, aholiga davlat to‘lovlari va inflyatsiyaning sekinlashuviga tayanuvchi xususiy iste’mol bo‘lib turibdi.
Pul o‘tkazmalari oqimi ham Covid-19 pandemiyasi boshlanishidan oldin kuzatilgan darajadan oshgan. O‘tkazmalar G‘arbiy Bolqon, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishda davom etmoqda.
2025-yil bo‘yicha prognozlar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotning 5,8 foizga o‘sishi orqali mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi o‘ringa chiqib olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Ukrainada iqtisodiy o‘sishning 2024-yilda 3,2 foizgacha (o‘tgan yili — 5,3 foiz) va 2025-yilda 2 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda, bu Rossiyaning mamlakatga bostirib kirishi va energiya ta’minotidagi katta uzilishlar tufayli jiddiy zarar ko‘rilgani bilan bog‘liq.
Rossiyada pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi hamda ishlab chiqarish quvvatlari va mehnat resurslari tanqisligining kuchayishi natijasida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 2024-yilda 3,2 foizgacha (2023-yilda — 3,6 foiz) va 2025-yilda 1,6 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Mintaqaning Rossiyadan keyingi eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Turkiyada iqtisodiy o‘sish 2023-yildagi 5,1 foizdan 2024-yilda 3,2 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.
Ma’ruzaning maxsus bo‘limi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish omillaridan biri bo‘lgan inson kapitalining roliga bag‘ishlangan.
Uzoq muddatli istiqbolda mehnat unumdorligining o‘sishini jadallashtirish uchun mamlakatlar o‘rta va oliy ta’lim sifatini sezilarli darajada oshirishlari kerakligi ta’kidlangan.
Mintaqadagi ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida aholi ta’lim bilan keng qamrab olingan. Muammo so‘nggi paytlarda pasayib borayotgan ta’lim sifati bilan bog‘liq. Xususan, so‘nggi 10 yil ichida mintaqa mamlakatlarida o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur (PISA) testlarida to‘playotgan ballar soni keskin pasaydi. Ushbu dastur 15 yoshli o‘quvchilarning bilim ko‘nikmalarini baholaydi.
Tayanch (boshlang‘ich va o‘rta) ta’limning sifatining qoniqarsizligi, ayniqsa, mintaqa mamlakatlaridagi notinch oilalar a’zolari bo‘lgan o‘quvchilar misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Hisobotda oliy ta’lim tizimlarining kamchiliklari qatorida mintaqadagi oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarining eskirganligi, ularning uskunalari va infratuzilmasiga investitsiyalarning yetishmasligi, shuningdek, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarining mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi qayd etilgan.