Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar G‘azoda o‘ldirilganini tasdiqladi. Isroil rasmiylari uni 2023-yil 7-oktabrdagi hujumning asosiy tashkilotchisi deb hisoblaydi.

“Isroil mudofaa armiyasi va Isroil Fuqarolik mudofaa agentligi kecha (chorshanba), 2024-yil 16-oktabr kuni Janubiy qo‘mondonlik askarlari G‘azo sektorining janubida o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida HAMAS terroristik tashkiloti yetakchisi Yahyo Sinvarni o‘ldirganini tasdiqlaydi”, — deyiladi SAXAL bayonotida.

SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Isroil harbiylari Sinvar o‘ldirilgan hududda o‘nlab operatsiyalar o‘tkazgan, bu esa Sinvarning operativ harakatini cheklagan. Bayonotda SAXAL askarlari uch terrorchini yo‘q qilgani va keyinchalik ulardan biri Sinvar bo‘lganini aniqlagani qayd etilgan.

Sinvar haqida nimalar ma’lum?

Yahyo Sinvar 1962-yilda G‘azo sektori janubidagi Xon Yunis qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Uning ota-onasi asli Ashkelondan bo‘lgan, ammo “Nakba”dan keyin qochqin bo‘lishgan. “Nakba” (“Katastrofa”) — 1948-yilda Isroil davlati tashkil etilganidan keyin boshlangan urush paytida falastinliklarning o‘z uylaridan ommaviy ko‘chishini falastinliklar shunday atashadi. Sinvar HAMAS harbiy bo‘linmalari, shuningdek, harakat xavfsizligi apparatining asoschilaridan biri hisoblanadi.

1988-yilda Sinvar isroilliklar tomonidan hibsga olingan, o‘shanda Isroil bilan hamkorlik qilishda ayblangan to‘rt nafar falastinlikni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U Isroil qamoqxonasida 22 yildan ortiq vaqtni o‘tkazdi, bu orada u ibroniy tilini va Isroil madaniyatini o‘rgandi.

Sinvar 2011-yilda isroillik askar Gilad Shalit evaziga ozod qilingan 1027 nafar falastinlik orasida bo‘lgan. 2013-yilda u G‘azo sektoridagi HAMAS siyosiy byurosiga a’zo etib saylangan, 2017-yilda esa uning rahbari bo‘lgan.

2024-yil avgustida Sinvar Ismoil Haniya o‘rniga HAMAS siyosiy byurosining yangi rahbari bo‘lgandi. Haniya iyul oyi oxirida Eronning yangi prezidenti inauguratsiyasi uchun Tehronga kelganida o‘ldirilgandi.