15-oktabr kuni “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan va rekonstruksiya ishlari ketayotgan Toshkent shahri Olmazor tumani “Hastimom” mahallasi Zarqaynar ko‘chasidagi uylardan biri qulab tushdi. Bu hududdagi birinchi holat emas: 2-oktabr kuni ham mazkur uy yaqinidagi boshqa bir xonadon qulagan.
“Gazeta.uz” muxbirlari Zarqaynar ko‘chasida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi, holat aslida nimadan kelib chiqqani, qachon boshlangani va fuqarolarga qanday yordam ko‘rsatilayotganiga aniqlik kiritishga harakat qildi, shuningdek, tuman hokimligi mas’uliga mikrofon tutdi.
Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, uylar qulab tushishi va ayrimlarining xavfli darajaga kelib qolishi iyun oyi oxirida boshlangan elektr, gaz va boshqa kommunikatsiyalarni yer ostidan o‘tkazish ishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin (“Gazeta.uz” mazkur jarayondan fotoreportaj tayyorlagandi).
“Peshin payt edi. Onam va otam tahoratga chiqqanlaridan bir daqiqa o‘tib ag‘anadi. O‘zim boshqa xonada edim. Baxtimizga qulagan xonada hech kim bo‘lmagan…Yo‘lni sementlaganlarga aytaman, aynan, ular sababchi shunga. Bu yo‘l shu holatga kelgunicha ko‘chadan qancha-qancha katta mashinalar o‘tdi… Mening uyim shunday voqea bo‘lgan uchinchi uy. Boshqa uylar shunday tashlab yubormaydi, deb o‘ylaysizmi? Javobgar, mas’uliyatni his qiladigan insonga berishsa bo‘lmaydimi shunday narsalarni? Mana hamma joyni „musor“ qilib berdi. Endi nima qilishim kerak?”, — dedi qulagan xonadonda yashagan Sarvar Shaxobov.
Yana bir fuqaro uyining poydevor qismi ko‘rinib qolgani haqida gapirarkan, yomg‘ir mavsumi boshlanishi bilan devor ostida suvlar to‘planib qolayotganini aytdi.
Hodisadan bir kun o‘tib Olmazor tumani hokimligi bosh yurist konsulti Jafar Amonovning aytishicha, qulab tushgan uy egalariga tuman hokimligi hisobidan vaqtincha yashab turishlari uchun ijaraga uy olib berildi. To‘lovlarini hokimli o‘z zimmasiga oladi.
“Endi qulab tushgan uy maydoniga teng bo‘lgan hududda ularning uylarini qayta ta’mirlab berilishi kafolatlangan. Bu 3−4 oy vaqtni oladi. O‘zi bu ko‘cha XX asrning 60-yillarida qurilgan. Ma’nan va fizik jihatdan eskirgani uchun bu ko‘chada ta’mirlash ishlari olib borish uchun tanlab olingan va dasturga kiritilgan. Bu uylar qachondir ta’mirlanishi kerak edi. Tabiiyki, og‘ir texnikalar ishlashi va bir-biriga ta’sir o‘tkazadigan ishlar bor. Hozir oddiy mashina o‘tsa ham har bitta uy zirillayapti. Deyarli 8−9 ta uy shunday avariya holatiga kelib qolgan”, — dedi mutasaddi.
Holat haqida batafsil quyidagi videoni tomosha qilish orqali bilib olishingiz mumkin: